Davlat tiliga bag’ishlangan ma’naviyat darsi tashkil qilindi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi majlislar zalida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlab “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori Azizjon Eminov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tili asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, taniqli tilshunos olim Inomjon Azimov, vazirlik Markaziy apparati harbiy xizmatchi va xizmatchilari ishtirok etdilar.
Tadbirni vazir maslahatchisi Bahodir Valiyev ochdi va olib bordi.
Ma’naviyat va ma’rifat mashg‘ulotida so‘zga chiqqan mutaxassislar o‘z ma’ruzalarida bugungi kunda mamlakatimizda davlat tilini rivojlantirish sohasidagi islohotlar, ulardan ko‘zlangan asosiy maqsad-vazifalar, ushbu islohotlarning o‘ziga xos samaralari, vazirlik va idoralarda davlat tilida ish yuritilishini ta’minlash, davlat xizmatchilarining bu boradagi bilim-malakalarini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan tadbirlar mazmuniga to‘xtalib, galdagi dolzarb vazifalar xususida fikr yuritdilar.
Mashg‘ulot yakunida Azizjon Eminov tomonidan vazirlik kutubxonasiga “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” va “Davlat tilida ish yuritish” qo‘llanmasi topshirildi. Shuningdek, ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javoblar oldilar.