Firmaga nom tanlashda mas’uliyat bilan yondashish kerak

        Tadbirkorlik, ishbilarmonlik xalqimiz hayotida azaldan muhim o‘rin tutib, uning o‘ziga xos an’analari asrab-avaylangan, bunday fazilatga ega kishilar qadrlangan.

         Mustaqillik yillarida yurtimizda tadbirkorlikka, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlikka keng yo‘l ochildi. Bugun o‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, o‘zi, oilasi, mahalla, el-yurt farovonligiga munosib hissa qo‘shayotgan, iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga xizmat qilayotgan tadbirkorlar, xususiy korxonalar safi tobora kengaymoqda. Yurtimiz aholisi o‘rtasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga qiziqish tobora ortib bormoqda.

          Keyingi yillarda respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarga ko‘maklashish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

          Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilindi, uch yildan ortiq vaqtdan buyon faoliyat ko‘rsatib kelayotgan hamda soliqlarni muddatida to‘lab kelgan, lekin moliyaviy ahvoliga ko‘ra soliq qarzini to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmayotgan tadbirkorlik subyektlariga soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi berildi. Bank kreditlari bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qat’iy nazar berilmoqda. Tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshirishlar bekor qilindi. Mamlakatimizdagi qulay ishbilarmonlik muhiti, xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar yangi loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Bu esa, davlatimiz tomonidan olib borilayotgan soha faoliyatini rivojlantirishga doir islohotlar, ularning oldidagi mavjud to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, korxonalar faoliyati barqarorligini ta’minlash hamda yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi.

        Bugungi kunda ish bilan band aholi daromadining 70 foizdan ortig‘i aynan kichik biznes hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu bois, tadbirkorlarning huquqlarini muhofaza qilish mutasaddi davlat organlari, muassasalari, huquq-tartibot organlarining ustuvor vazifasiga aylandi.

        Yurtboshimiz rahnamoligida mamlakatimizda kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sharoit hamda kafolatlar yaratish, soliq, bojxona imtiyozlarini kengaytirish, ularning qonuniy huquq, manfaatlarini himoya qilishga katta ahamiyat berilmoqda.

        O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-dekabrdagi “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5278-son Farmonini ijro etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi va hududiy bo‘limlari tomonidan aholiga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etilishida amaliy-huquqiy ko‘maklar berib kelinmoqda.

Ayni paytda kundan kunga kichik biznes subyektlari soni ortib bormoqda. Bu esa  O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi, albatta.

        Lekin hozirgi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlik subyektlarining firma nomi bilan bog‘liq xabarlar tarqalib, turli muammolarga sabab bo‘lmoqda. Mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil qilib, uning nomini “Вторая жена замминистра» – «Zamministrning ikkinchi xotini», deb qo‘yishibdi.

    Yuqorida muhokamaga sabab bo‘lgan Mas’uliyati cheklangan jamiyatning “Zamministrning ikkinchi xotini” deb nomlanishi ham saviyasizlik, ham axloqsizlik , shuningdek, boy ona tilimiz me’yorlarining buzilishidir.

        Firmaga nom tanlashda mas’uliyat bilan yondashish kerak, chunki u korxonaning yuzi hisoblanadi. Korxonangiz yoki mahsulotingiz haqida ilk tasavvur hosil qiluvchi ma’lumot bu uning nomidir. Nom tanlashda, avvalo, «Davlat tili haqida»gi qonunda belgilangan me’yorlarga amal qilish lozim.

        Hamkorlikda chet el firmalari bilan asos solinayotgan, faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan qo‘shma korxonalar nomini tushunsa bo‘ladi, chunki ularning nomi xalqaro talablarga mos, har ikki mamlakat fuqarolari uchun birday tushunarli bo‘lishi shart. Ammo mahallaning ichida qurilgan do‘konlarning peshtoqlariga ajnabiy nom bitib qo‘yilishiga nima deysiz?

        Ajnabiy tillardagi nomlar bilan xizmat ko‘rsatayotgan tamaddixona, do‘kon, firma, korxonalarni poytaxtimizda ko‘plab uchratishimiz mumkin. Masalan, “Bleck cat”, “Bibigon”, “Florense” kabi atamalar allaqachon xuddi o‘zbek tilidagi so‘zlardek muomala vositasiga aylanib ulgurgan. Biroq ba’zi ona tilimizda nomlangan korxonalar, do‘kon, tamaddixonalar ham borki, o‘qisa yoki eshitsa beixtiyor kishi hayron-u lol qoladi.

         Shu  o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin. Bu borada tegishli tashkilot va muassasalar qanday ish olib bormoqda?

         Davlat xizmatlari agentligi yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi vakolatli organ vakili sifatida mazkur masalaga oydinlik kiritmoqchiman.

         Birinchidan, «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunning 33-moddasiga asosan yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik faoliyati subyekti firma nomiga bo‘lgan huquqqa ega, bu nomni uning o‘zi mustaqil ravishda belgilaydi va o‘z ta’sis hujjatlarida ko‘rsatadi.

         Ikkinchidan, 2017-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlari «Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi orqali (o‘zi kelgan holda yoki onlayn usulda) davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

         Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi «Firma nomlari to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasiga asosan firma nomida:

         davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;

          tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;

          firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;

          jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerak.

          To‘rtinchidan, Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimida «Firma nomlari to‘g‘risida»gi Qonunga asosan firma nomlarida ishlatilishi mumkin bo‘lmagan so‘zlardan foydalanish bo‘yicha  cheklovlar qo‘yildi. Ushbu ro‘yxat mutaxassislar tomonidan muntazam ravishda yangilanib boriladi.

          Muhokamaga sabab bo‘layotgan tadbirkor aslida boshqa nom ostida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, joriy yilning 22-dekabr kuni Zangiota tumani Davlat xizmatlari markazi orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan va nomini o‘zgartirgan. Muhokama sabab bo‘lgan tadbirkorlik subyektining firma nomi tadbirkor bilan olib borilgan tushuntirishlardan keyin belgilangan tartibda o‘zgartirildi.

          Тil – millat ko‘zgusi. Shuningdek, u tarbiya vositasi hamdir. Korxona, firma, do‘kon peshtoqlaridagi tilimizga yot so‘zlar yoki jumlalar milliy mentalitetimiz rivojiga  salbiy ta’sir ko‘rsatmasligiga kim kafolat beradi?

          Milliy madaniyat, til, ma’naviyatimizni asrash mana shunday kamchiliklarni bartaraf etishdan boshlansa, ajabmas. Zero, ma’naviyati yuksak bo‘lgan  xalqgina dunyoda  o‘zining munosib o‘rnini topa oladi. Farzandlarimizni milliy urf-odatlarimizga, qadriyatlarimizga muhabbat  ruhida kamol toptirish, avvalambor, o‘z ona tilimizga bo‘lgan hurmatda aks etadi.

          Shunday ekan, tadbirkorlar firma, korxonalarga milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda nom tanlashsa va bu nomlarni savod bilan yozdirishsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki tilga e’tibor, deganda savodxonlik ham nazarda tutiladi.

          Ona tilimiz Markaziy Osiyodagi eng qadimiy va boy tillardan biridir. O‘zbek tili o‘zining so‘z boyligi, har bir so‘zning o‘nlab ma’no kasb etishi bilan jahon tillari ichida o‘z o‘rniga ega.   O‘zimizning ulug‘vor tilimizda minglab chiroyli so‘zlar bo‘la turib, xalqimiz, mentalitetimiz uchun zid bo‘lgan atamalar bilan nomlashni oqlab bo‘lmaydi. O‘zbek tilimizga hurmat vatanparvarlik va millatparvarlik namunasidir.

                                                                                                                           

Xakimova Zebinisa Muzaffarovna

Davlat xizmatlari agentligi direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘isidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi.