Omicron mi yoki omikron?

Hozir eng faol qoʻllanilayotgan soʻz “Omikron” soʻzi boʻlib turibdi. Lekin bu soʻz tilimiz meyorlarini pisanda qilmasdan, turli shakllarda “izgʻib yuribdi”. E’tibor qiling:
“Omicron” штаммининг аломатлари маълум қилинди (Bor gap!/ Расмий канал).
Ўзбекистонда Omicron штамми аниқланди (Uzbekistan/Расмий канал).
“Омисрон” штаммининг аломатлари қандай? (PATRUL.UZ).
Омикрон Ўзбекистонда. ССВ эҳтиёт чоралари кучайтирилишини маълум қилди (Kun.uz/Расмий канал).
Юртимизда “омикрон” штамми аниқланди (plaftforma.uz). (manbada yozilganicha olindi).
Hurmatli blogerlar, jurnalistlar, xullas, vatandoshlar! Oʻzbekcha matn yozayotganda ajnabiy soʻzlarni aslicha tiqishtirmang! Bu tilimiz meyorlariga butunlay zid. Agar matningiz kirill yozuvida boʻlsa, Kun.uz yoki platforma.uz yozganidek, “омикрон” tarzida qoʻllang. Agar lotin yozuvini ishlatsangiz, “omikron” deb yozing, olam guliston.
Tilimizning qorovuli boʻlmagani uchun ajnabiy soʻzlar hech qanday toʻsiqlarsiz yopirilib kirib kelmoqda, afsus. Jadid bobomiz Abdulla Avloniyning quyidagi soʻzlari oʻtgan asrning boshlarida aytilgan boʻlsa ham, haligacha dolzarbligini yoʻqotmagan: “Hayhot! Biz turkistonlilar milliy tilni saqlamak bir tarafda tursun kundan kun unutmak va yoʻqotmaqdadurmiz. Tilimizning yarmiga arabiy, yarmiga forsiy ulangani kamlik qilub bir chetiga rus tilini ham yopishdurmakdadurmiz”. Adibning bu gapini sal oʻzgartirib, “…bir chetiga ingliz tilini yopishdurmakdadurmiz” desak, bugungi kunga ayni toʻgʻri keladi.
“Til” soʻzi oldidan bekorga ona soʻzi keltirilmaydi, chunki tilimiz xuddi onamiz kabi aziz va muhtaram. Bas, shunday ekan, ona tilimizni onamiz kabi e’zozlaylik, hurmat qilaylik!

                                                                                                                                 Inomjon Azimov

                                                                                                                                 Filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan