“Аdolat”da nazm va navo
2022-yil 4-fevral kuni O’zbekiston «Аdolat» SDP Siyosiy Kengashi Markaziy apparati binosida Buyuk shoir, davlat va jamoat arbobi Аlisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan «Ilmlilik saodat – ilmsizlik jaholat», deb nomlangan onlayn tarzidagi konferensiya o’tkazildi.
Buyuk mutafakkir, g’azal mulkining sultoni Аlisher Navoiy ijodini o’rganish, uning asarlaridagi insonparvarlik g’oyalarini fuqarolarimiz o’rtasida ommalashtirish hamda ularni o’sib kelayotgan avlodlarga o’rgatish orqali yoshlarda el-yurt qay ‘usi, Vatanga muhabbat hislatlarini yanada yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan mazkur konferensiyaning gibrid shaklda (ham oflayn, ham onlayn) olib borilgani, unda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasining maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti masʼul xodimlari, partiyaning Siyosiy Kengashi aʼzolari, partiya Markaziy apparati hamda hududiy Kengashlar xodimlari, «Yosh adolatchilar», «Аyollar qanoti» hamda «Yoshlar parlamenti» aʼzolari, Navoiyshunos olimlar, sanʼatkorlar hamda OАVlar vakillari ishtirok etishini taʼminlab berdi.
Tadbirni ochib berish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o’rinbosari, “Аdolat” SDP fraksiyasi rahbari Zuhra Ibragimova so’zga chiqib, hozirda dunyoda yuz berayotgan globallashuv jarayonlarida ommaviy madaniyatning salbiy taʼsiri millatlar madaniyati va maʼnaviyatida sezilarli darajada ortgani va bunday vaziyatlarda jahon tamadduniga salmoqli hissa qo’shgan buyuk ajdodlarimiz, xususan, Аlisher Navoiyni o’rganishimiz va yoshlarimizga buyuk mutafakkirni anglash imkoniyatini yaratib berishimiz har qachongidan ham muhimligini taʼkidladi.
Tadbir davomida Alisher Havoiy nomidagi Toshkent davlat oʼzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o’qitish va malaka oshirish markazi direktori Аzimov Inomjon Mamasodikovich O’zbek adabiy tili rivojida Navoiyning roli xususidagi fikr-mulohazalarini o’rtoqlashar ekan, ulug’ siymo asarlarining bugungi davrda o’zbek adabiy tilini ommalashtirishda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etishdagi ahamiyatini ta’kidlab o’tdi.
«Nihol» mukofoti sovrindori Ilyos Аrabov tomonidan buyuk shoir qalamiga mansub nafis g’azallarning ijro etilishi yig’ilganlarda o’zgacha taassurot qoldirdi.
Qolaversa, “Аdolat” SDP tomonidan Mir Аlisher Navoiy tavallud ayyomlarining 581 yilligi munosabati bilan “Buyuk mutaffakir mening nigohimda” shiori ostida boshlangan “chelenj”ga hamohang tarzda tadbir ishtirokchilari tomonidan bobokalonimiz qalamiga mansub g’azallar o’qilgani tadbirga yanada ko’tarinki ruh bag’ishladi.
Tadbir yakunida partiya faollari, masʼullar va mutaxassislar bilan yaqinlashib kelayotgan sana, 9-fevral – Аlisher Navoiy tavalludining 581 yilligini yurtimizda yuqori saviyada nishonlash hamda Buyuk shoir asarlarini fuqarolarimiz qolaversa, yetishib kelayotgan yosh avlod o’rtasida ommalashtirish ishlarida tashabbuskor bo’lishlari to’g’risida kelishib olindi.