Andijon davlat universitetida ilmiy-amaliy anjuman
Bugun, 16-may kuni Andijon davlat universitetida filologiya fanlari doktori, professor Abdulhamid Nurmonov xotirasiga bag’ishlab “Nutq madaniyati va tilshunoslikning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o’tkazilmoqda.
Anjumanda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o’qitish va malaka oshirish markazi direktori Azimov Inomjon Mamasodiqovich, bo’lim boshlig’i Dexqonov Xasanboy Ubaydullayevich hamda O’zbek tilini rivojlantirish jamg’armasi direktori Eminov Azizjon G’ulomjonovichlar ham ishtirok etdilar.
Fidoyi olim, filologiya fanlari doktori, prafessor Abdulhamid Nurmonov 1942-yilda Andijon viloyati Baliqchi tumanining O’rmonbek qishlog’ida tavallud topdi. Ustoz qariyb 50 yillik ilmiy-amaliy faoliyati davomida Andijon davlat universitetida maxsus fanlarni o’qitish va o’zbek tilshunosligi kafedrasi mudiri, pedagogika fakulteti dekani, universitetning ilmiy ishlar bo’yicha prorektori, kadrlar malakasini oshirish markazi direktori lavozimlarida xizmat qildi.
Ustozning mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib qadrlandi. Abdulhamid Nurmonov 1999-yilda “Shuxrat” medali, 2002-yilda “O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan xalq ta’limi xodimi” unvoni, 2011-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
O’zbek tilshunosligining buyuk darg’alaridan biri bo’lgan professor Nurmonovning porloq xotirasi uning do’stlari, shogirdlari, fan va ta’lim ahllari qalbida mangu yashaydi.