ILMIY-METODIK KENGASH O‘Z FAOLIYATINI BOSHLADI
Bugun 2022-yil 26-may kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida Ilmiy-metodik kengash o‘z faoliyatini boshladi.
Ilmiy-metodik kengash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektorining 2022-yil 10-maydagi 01-111-sonli buyrug‘i bilan tashkil qilingan.
Kengashning maqsadi davlat tilini to‘la joriy etish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining davlat tilida ish yuritish tizimida to‘laqonli amal qilishini ta’minlashda davlat tashkilotlari xodimlarining bu boradagi mahoratini doimiy tarzda rivojlantirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni muntazam ravishda yangilab borish, malaka oshirish jarayonlariga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishini muvofiqlashtirish, xodimlarning kasbiy kompetentligini ularning malakasini oshirish natijalariga bog‘liq holda uzluksiz rivojlantirib borish uchun zarur tavsiyalar berishdan iborat.
Kengashning vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻzbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ta’lim dasturlarining uzluksizligi hamda izchilligini ta’minlashni inobatga olgan holda davlat xizmatchilari, shuningdek, aholini o‘qitish va malakasini oshirishning o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
malaka oshirish ta’lim jarayoni sifati va natijalarini tizimli tahlil qilish, pedagoglarni zamonaviy talablarga muvofiq oliy ta’lim sifatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalari va layoqatlari rivojlanishining o‘zgarishini baholab borish;
ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda o‘quv-metodik materiallar tayyorlanishi va samarali metodikalar ishlab chiqilishini ta’minlash;
hududiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning faoliyatlari bo‘yicha hisobotlarni muhokama qilib borish;
professor-o‘qituvchilar tarkibining kasbiy tayyorgarligi darajasini, ularning yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va tarbiyalashning talab qilinadigan darajasini ta’minlash bo‘yicha faoliyat natijalarini tahlil qilish;
Markazning ta’lim dasturlarini, o‘quv-metodik va me’yoriy hujjatlarning amaliyotdagi ijrosini tahlil qilish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalarida malaka oshirish jarayonlarini tahlil qilish, ma’lumotlarni umumlashtirish, xulosa va takliflar ishlab chiqish asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini sifatli va muntazam takomillashtirib borishga oid tegishli tavsiyalar ishlab chiqish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini ilmiy unvonlarga tavsiya qilish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari, professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy monografiyalarni nashrga tavsiya etish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari orasidan iqtidorli xodimlarni ta’limning doktorantura bosqichiga maqsadli o‘qishga tavsiya qilish.
Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror, farmon va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qaror va buyruqlari asosida amalga oshiradi.