Adliya vazirligida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha navbatdagi seminar tashkil etildi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari vazirlik, idoralar bilan kelishishdan oldin lingvistik ekspertizadan o‘tkaziladi.
Lingvistik ekspertiza loyihani ishlab chiqqan tashkilot rahbarining maslahatchisi tomonidan o‘tkaziladi.
Maslahatchi yoxud mutaxassis 3 kun yoki shartnomada belgilangan muddatda lingvistik ekspertizadan o‘tkazish natijasi bo‘yicha aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalarni ko‘rsatgan holda xulosa berib, loyihani ishlab chiquvchiga taqdim etadi.
Shunga ko‘ra, loyiha matni qayta ishlanib, kelishish uchun vazirlik va idoralarga yuboriladi.
Shunday seminarlardan navbatdagisi Adliya vazirligi markaziy apparatida bo‘lib o‘tdi. Unda Adliya vazirligi bosh mutaxassisi Xidirali Sodiqov hamda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi, dosent Inomjon Azimov muhim tavsiyalarni o‘z ichiga olgan ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.