MA’NAVIYAT VA KITOBXONLIK SOATI
“Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tashabbusi bilan nashr qilingan kitoblar taqdimoti hamda “Maʼnaviyat va kitobxonlik soati” mavzuida tashkil etilgan tadbirda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning huzurida tashkil etilgan Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi xodimlari ishtirok etishdi.
Tadbirni kirish soʼzi bilan ochgan Qo‘mita raisining birinchi oʼrinbosari Аsadulla Qayumov yig‘ilganlarga kitobxonlik madaniyati va uning ahamiyati haqida gapirib o‘tdi. Xususan, Qo‘mita markaziy apparati va hududiy boshqarmalarida, shuningdek Qo‘mita huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligida tashkil etilgan kutubxona burchaklarida bugungi kunda 2000 dan ortiq kitoblar mavjud. Ular orasida sohaga oid, badiiy, ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar va davriy nashrlar mavjud boʼlib, ulardan 500 dan ortiq xodimlar ushbu adabiyotlardan foydalanib kelishmoqda.
Kitobxonlik soatida Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʼqitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Аzimov va Oʼzbek tilini rivojlantirish jamgʼarmasi direktori Аzizjon Eminovlar tomonidan mamlakatimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili to‘g‘risida” qabul qilingan Qonunning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berib oʼtildi.
Shundan soʼng Qo‘mita tizimida o‘tkazilgan “Eng faol kitobxon” tanlovida faol ishtirok etgan Qo‘mita va Аgentlikning bir qator xodimlariga faxriy yorliqlar topshirildi. Tadbir barcha uchun foydali bo‘ldi va qiziqarli savol-javoblar asosida o‘tdi.