TIL-MILLAT BOYLIGI

 

Har qanday millatning bebaho maʼnaviy boyliklaridan biri, shubhasiz, uning tilidir. Shunday ekan, ona tilimizni hurmat qilish, qadrlash, asrab-avaylash har birimizning burchimiz.

Kecha, 4-iyun kuni IIV Madaniyat saroyida tashkil etilgan “Til – millat boyligi” mavzusidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbir ham ayni shu masalaga bag‘ishlandi. Unda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori, pedagogika fanlari nomzodi, dotsent Аzizjon Eminov hamda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inomjon Аzimov so‘zga chiqishdi. Ular so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan ona tilimizni rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini oshirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng koʼlamli chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil to‘xtalishdi.

Notiqlar bu borada qo‘lga kiritilayotgan ulkan yutuqlarni qayd etish barobarida hal qilinishi lozim bo‘lgan bir qator masalalarni ham sanab o‘tishdi. Tadbirda soʼz olgan IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar xizmati katta inspektori, isteʼfodagi polkovnik, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Zikrillo Neʼmatov ham davlat tili haqidagi fikr-mulohazalarini bildirib, o‘zining “Аziz ona tilimsan” qasidasini oʼqib berdi. Mazmunli o‘tgan tadbir yakunida esa IIV Madaniyat saroyi Аshula va raqs ansambli xonandalarining diltortar qo‘shiqlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.

Manba:http://www.postda.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan