“DAVLAT TILI TARAQQIYOTI: MUAMMO VA YECHIMLAR” respublika ikkinchi ilmiy-amaliy anjumani
Bugun, 2022-yil 20-oktabr kuni, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida “Davlat tili taraqqiyoti: muammo va yechimlar” mavzusidagi respublika ikkinchi ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri Shukurov Sobir Sayfiyevich, O‘zRFA O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti direktori, filologiya fanlari doktori, professor Mahmudov Nizomiddin Mamadaliyevichlar kirish so‘zlari bilan ochib berdi.
Anjuman yalpi majlisida filologiya fanlari doktori, professor Samixon Ashirboyev til va imlo masalasida atroflicha fikr-mulohazalarini bayon qildi. Markaz direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Inomjon Azimov o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu borada hukumat qarorlarining ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tdi.
Shuningdek, anjumanda “Milliy nomlar interaktiv elektron platformasi” hamda “Tilbilig.uz elektron platformasi” taqdimotining o‘tkazilishi o‘zbek tili rivojidagi yangilik bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Anjuman vazirlik va idoralar hamda hokimliklarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtiroki bilan ko‘tarinki ruhda davom etdi.