DAVLAT TILI TARAQQIYOTIDA QARDOSH XALQLAR TAJRIBASI O’RGANILMOQDA
Ayni kunlarda markazimiz rahbari filologiya fanlari nomzodi, dotsent I.Azimov, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov hamda filologiya fanlari nomzodi, dotsent M.Saparniyzaovalar alifbo, imlo siyosati, Atamalar komissiyasi tajribasini o’rganish maqsadida Ozarbayjonning Boku shahrida bo’lib turibdilar.
Dastlab ular Ozarbayjon Ilmlar akademiyasiga tashrif buyurdilar. Nasimiy nomidagi Tilshunoslik (Dilchilik) instituti direktori filologiya fanlari doktori, professor Nodir Mamadli Ozarbayjondagi til siyosati, atamashunoslik bo’yicha qilinayotgan ishlar, institutning ilmiy faoliyati xususida ma’lumot berdi. Institut o’zbek tili bilan bog’liq quyidagi mavzularda tadqiqot olib borishni rejalashtirgan ekan:
1. Turk adabiy tillarida chig’atoy (qadimgi o’zbek) elementlari.
2. Chig’atoycha-ozarbayjoncha lug’at.
3. O’zbek tilining dialektlari (Ozarbayjon tilining dialektlari bilan qiyoslash asosida).
4. XIV-XVI asrlar ozarbayjon va o’zbek adabiy tillarining o’xshash jihatlari.
5. Ozarbayjon va o’zbek tillarining qiyosiy sintaksisi.
6. Alisher Navoiy va o’rta asrlar ozarbayjon adabiy tilining normalari.
Mazkur mavzular bo’yicha hamkorlik zarurligini ta’kidladi. Institut bizning universitet bilan memorandum imzolagan ekan. Bu taklifni rektor Shuhrat Samariddinovichga yetkazishimizni aytdik.
Terminologiya bo’yicha juda ko’p ishlar qilingan, direktorning o’zi ham terminolog ekan. Mazkur sho’ba mudiri professor Sayali Sodiqova boshchiligidagi jamoa mustaqillik yillaridan keyin 30 dan ortiq turli lug’atlar tayyorlagan. “Terminologiya masalalari” degan ilmiy jurnal tashkil qilingan.
S. Sodiqova hukumat qoshidagi til nazorati komissiyasi a’zosi. Reklama, peshlavhalarni tartibga solish bo’yicha tajribalarini mehmonlar bilan o’rtoqlashdi.
Institutning eng katta ishlaridan biri, katta hajmdagi ozarbayjon shevalari atlasi yaratilgan.
Mazkur uchrashuvni tashkil qilgan Boku slavyan universiteti Turkologiya fakulteti dekani Nurida xonim Navruzovaga o’z minnatdorchiligimizni bildiramiz.
Ozarbayjon OAV manbalarida ham rasmiy uchrashuv haqida ma’lumotlar e’lon qilindi.