“Turk dil kurumi” bilan tanishuv
Turkiya safari davomidagi navbatdagi hamkorlik uchrashuvi doirasida markazimiz rahbari filologiya fanlari nomzodi, dotsent I.Azimov, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminov hamda filologiya fanlari nomzodi, dotsent M.Saparniyzaovalar Turkiyaning mashur, turk tili va madaniyatini butun dunyoda targ’ib qiluvchi, turk tili rivoji uchun mas’ul bo’lgan Turk til qurumi (Turk dil kurumi) faoliyati bilan tanishdilar.
” – Qurum rahbari Gurar Gulsevin bizni uzoq yillik qadrdonlardek kutib oldi. Tashkilot faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Til qurumi davlat tashkiloti bo’lsa-da, davlat tomonidan moliyalashtirilmas ekan. Turkiyaning milliy qahramoni Mustafo Kamol Otaturk o’z merosini turk tili, madaniyati rivoji uchun sarflashni vasiyat qilgan ekan. Qurum ana shu mablag’lar hisobidan moliyalashtirilar ekan. Tashkilot turk tilining imlo qoidalari, turli lug’atlar (izohli, sohaviy, qiyosiy) tayyorlashga, til bo’yicha davlat siyosatini belgilab berishga mas’ul muassasa hisoblanib, boshqa tashkilot yoki oliy ta’lim muassasalari tomonidan tayyorlangan lug’atlar ayni qurum lug’atlariga asoslanar ekan. Imlo bo’yicha yoki biror so’z izohi bo’yicha savollar tug’ilganda, tashkilot xulosasi yakuniy asos hisoblanar ekan. Tayyorlanayotgan dissertatsiya, monografiya va boshqa ishlar qurum lug’atlari asosida tekshirilib(tashkilot qoshida ilmiy hay’at faoliyat ko’rsatadi) so’ng nashrga berilar ekan.
Tilga kirib kelayotgan yangi so’z, atamalar bo’yicha tashkilot xulosasi olinar ekan. Gurar beyning aytishicha, o’zlashma so’zlar iloji boricha turkchalashtiriladi, lekin turkcha muqobili bo’lmaganda, xorijiy so’z aynan olinmasadan, turk tili talaffuziga moslashtiriladi. Bir misolni aytib berdi, skuterdan foydalanish bo’yicha qonun qabul qilinayotgan ekan, “skuter” so’zini qanday iste’molga kiritish bo’yicha xulosa so’ralgan. Qurum tomonidan bir necha tarjima variantlar aytilgan, lekin ular ma’qul bo’lmagach, “skutar” tarzida talaffuzga moslab qabul qilingan.
Qurumga borishdan asosiy maqsad, turk tili rivoji, targ’iboti uchun eng asosiy vosita bo’lgan turk tili elektron platformasi haqida kengroq ma’lumotga ega bo’lish, o’zbek tilining shunday elektron platformasini yaratish bo’yicha hamkorlik qilish edi. Gurar bey bu taklifimizga o’ylab o’tirmasdan rozilik berdi, hamkorlik memorandumi imzolashga, har qanday yordamga tayyorligini bildirdi.
Gurar bey juda samimiy, ba’zi rahbarlarga o’xshab o’zini yuqori olish, izzatalablik kabi salbiy xislatlardan holi rahbar ekan. Istanbulda zarur yig’lishi borligi, ketishga oz fursati qolganiga qaramay, biz bilan ko’proq birga bo’lishga harakat qildi, kutubxonasini erinmay tanishtirdi ( buning uchun qardoshimizga alohida rahmat aytdik). Uchrashuvdan bir olam taassurotlar, eng zo’r sovg’a-kitoblar bilan qaytdik.
Mazkur uchrashuvni tashkil qilgan, Turkiyada 30 yildan ortiq vaqtdan beri o’zbek tilini targ’ib qilayotgan professor Aynur Xonimga o’z minnatdorchiligimizni bildiramiz.” – deb yozadi, Inomjon Azimov o‘zining Facebookdagi rasmiy sahifasida.