“Davlat tili va unga oid qonunchilik hujjatlari bilimdoni” tanlovi g’oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasida “Davlat tili va unga oid qonunchilik hujjatlari bilimdoni” tanlovi g’oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
2022-yil 7-sentabrda Buxoro viloyati hokimligi yig‘ilishida “Davlat tili va unga oid qonunchilik hujjatlari bilimdoni” viloyat tanlovini o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilinib, o‘zbek tilining siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda to‘laqonli joriy etilishini hamda faol qo‘llanishini ta’minlashga, shuningdek, namunali ishlarni rag‘batlantirishga qaratilgan ushbu tanlov “Eng bilimdon tuman (shahar) hokimi maslahatchisi”, “Eng bilimdon tuman (shahar) ma’naviyatchisi, “Eng bilimdon ta’lim muassasasi ma’naviyatchisi” yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilishi va o‘tkazilishi tartibi belgilangan edi.
Tanlovda davlat tiliga oid me’yoriy hujjatlar mohiyatini atroflicha biladigan va hujjatlarda belgilangan vazifalar bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirgan, milliy tildagi badiiy ijod namunalarini chuqur o‘zlashtirgan, yozma va og‘zaki nutq savodxonligini puxta egallagan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat (tumanlar va shaharlar) idoralari rahbarlari hamda ta’lim muassasalari ma’naviyatchilari qatnashishi nazarda tutilgan edi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro viloyati hududiy bo’linmasi tanlovning ijrochi tashkilotchisi hisoblanishi ham bayonnomada qayd qilingan edi.
Tanlov ishtirokchilari 3 bosqichda bellashdilar:
Birinchi bosqich Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasida yozma tarzda o‘tkazilib, bunda ishtirokchilardan diktant olindi, ularning imlo savodxonligi o‘rganildi, davlat tilining millat taraqqiyotida tutgan o‘rni bo‘yicha 5 daqiqalik chiqishi asosida notiqlik darajalari baholandi.
Ikkinchi bosqichda “O‘tgan kunlar” asari doirasida yopiq test, uchinchi bosqichda davlat tiliga oid me’yoriy hujjatlar mazmun-mohiyati bo‘yicha ochiq test sinovlari o‘tkazildi.
Tanlov g‘oliblarini taqdirlash, tashkiliy chora-tadbirlarni moliyalashtirish bilan bog‘liq barcha masalalar Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hisobidan amalga oshirilishi: 1-o‘rinni egallagan g‘olib ishtirokchiga televizor, 2-o‘rin sohibiga kompyuter (noutbook), 3-o‘rin egasiga planshet; qolgan barcha ishtirokchilarga esa O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan kitoblar jamlanmasi taqdim etilishi rejalashtirilgan edi.
Bugun 2022-yil 22-noyabrda tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Taqdirlash marosimida Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mudiri S.Shukurov, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov, Buxoro davlat universiteti rektori O.Hafizov, shuningdek, poytaxtdan tashrif buyurgan bir qator mehmonlar ishtirok etishdi.
Tanlov natijalariga ko’ra Buxoro tuman hokimining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ergasheva Zuhra Zulqandovna 1-o‘rinni, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Vobkent tuman bo‘linmasi rahbari Rustamov Nodir O‘ktamovich 2-o‘rinni, Peshku tuman hokimining Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Haydarova Gulruh Rustamovna 3-o‘rinni egallab, e’lon qilingan sovrinlarga ega bo‘lishdi.
Tajriba sifatida o’tkazilgan mazkur tanlovning samarasi, ijobiy jihatlari ishtirokchilar tomonidan alohida ta’kidlandi. Buxoro tajribasini boshqa viloyatlarda ham ommalshtirishga kelishib olindi.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan