Baho berishga shoshilmang!
Yangi O‘zbekiston sharoitida zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirish, qaror qabul qilish va masalani ko‘rib chiqish jarayonlarini soddalashtirish orqali davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish hamda ular faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi Oʻzbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmonining imzolanishi, shu asosda Vazirlar Mahkamasining yangi ijro etuvchi tuzilmasining e’lon qilinishi bilan Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti xususida yana turli gap-soʻzlar koʻpayib qoldi. Kimlarningdir “Davlat tili departamenti tugatilldi” degan izohiga “Ammo 3 yil ichida mazkur departament o‘zining funksional vazafilaridan hech birini do‘ndirib bajargani yo‘q. To‘g‘ri, lotin yozuvidagi yangi o‘zbek alifbosi tashabbusi bilan chiqdi, biroq keyinchalik yana yo‘q bo‘lib ketdi”, “Oʻzi nima qildi bular” kabi asossiz ayblovlar hukumatning 34-sonli qarori bilan davlat tili rivoji uchun mas’ul boʻlgan maslahatchilar, qolaversa, soha mutaxassislarini ranjitdi. Aslida departament faoliyatiga bahoni aynan shular berishi kerak, chunki oʻtgan uch yilda qanday ishlar amalga oshirilganini vazirlik, idoralar va mahalliy hokimiyatlarda davlat tilini targʻib qilib kelayotgan, uni amaliyotga tatbiq etayotgan til fidoyilaridan boshqa hech kim toʻliq tasavvur qila olmaydi. Keling, tasavvur hosil qilishingiz uchun ba’zi birlarini sanab oʻtay.
Vazirlik, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyatlarda rahbarning davlat ili boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi, departament tomonidan ularning faoliyati muvofiqlashtirilib, mustahkam tizim shakllandi. Maslahatchilar tomonidan oʻz tizimida ish yuritish davlat tiliga, lotin yozuviga oʻtkazildi. Viloyat hokimliklarida har qanday hujjatlar maslahatchi roziligisiz ijroga yoʻllanmaydigan tartib rioya qilinganiga oʻzimiz guvoh boʻldik. Koʻchadagi yozuvlar, peshlavhalar, e’lonlarni tartibga solish boʻyicha juda katta ishlar amalga oshirildi va hozir ham davom etmoqda. Ishonmasangiz, har bir viloyat maslahatchisining telegram kanali bor, bemalol kirib, qilinayotgan ishlarga oʻzingiz guvoh boʻlishingiz mumkin. Toshkent shahrining oʻzida ham shahar, tuman maslahatchilari koʻchama koʻcha yurib, targʻibot ishlarini olib borishdi, davlat tili me’yorlariga toʻgʻri kelmaydigan juda koʻp peshlavhalar ba’zan ixtiyoriy, ba’zan majburan oldirildi, maslahatchini sudga bergan holatlar ham boʻldi. Mana shunday sharoitlarda faoliyat olib borildi.
Faoliyati Departament tomonidan muvofiqlashtiriladigan Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi 38 turdagi (98 950 nusxada) kitob mahsulotlarini chop etishga mablag‘lar ajratdi. Birgina, 2022- yilning o‘zida
2 mlrd 429 mln so‘mlik 17 turdagi (23500 nusxada) kitob mahsulotlari chop etildi. O‘zbek tilini rivojlantirishga oid media mahsulotlar, kompyuter dasturlari, mobil ilovalar hamda elektron materiallarni tayyorlash ishlarini uchun 352,2 mln. so‘m sarflandi. Hozirda oʻzbek tilining milliy korpusini yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari bo‘yicha ham jiddiy shlar amalga oshirildi. Respublika bo‘yicha 48 897 ta geografik ob’ekt nomi ekspertizadan o‘tkazildi. Shundan, 36 006 ta nomga qonunchilik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy ekspert xulosalari berildi. 12 891 ta nom qayta ko‘rib chiqish uchun hududiy komissiyalarga qaytarildi.
Bundan tashqari, viloyat, tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlarining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan 37 139 ta nom o‘rganib chiqildi. Shundan, qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lgan 35 560 ta nom belgilangan tartibda Geografik obyektlar nomlarining davlat reestri bazasiga kiritildi. Hozirga qadar davlat reestrida 158 235 ta geografik obyektlarning nomlari jamlangan. Shundan, 2 883 ta ma’muriy-hududiy birliklar, 147 132 ta aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlari, 2 430 ta transport va muhandislik-texnika infratuzilmasi ob’ektlari, 5 790 ta tabiiy ob’ektlar nomlarini tashkil qiladi.
Shuningdek, 2022-yil sentabr oyida Geografik obyektlar nomlarining davlat reestrida jamlangan nomlar asosida “Geografik obyektlar nomlari katalogi” 1 000 nusxada, 2022-yil oktabr oyida Departament tashabbusi bilan tayyorlangan “O‘zbekiston joy nomlari izohli lug‘ati” 1 500 nusxada nashr etildi hamda barcha vazirlik va idoralarga hamda mahalliy hokimliklarga bepul yetkazib berildi.
Raqamlar bilan boshingizni qotirishni xohlamagandim, lekin qilingan ish koʻlamini koʻz oldingizga keltirish uchun berildi.
Endi tabiiy savol tgʻiladi: Departament kerakmi? Albatta, kerak va zarur, chunki:
– Boshlangan ishlar nazorasiz qolib ketmasligi uchun;
– Soʻnggi uch yilda davlat tili boʻyicha chiqarilgan 2 ta farmon, Vazirlar Mahkamasining 20 ga yaqin qarorlari ijrosini ta’minlash va nazorat qilish uchun;
– Prezidentimizning PF-6084-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”da 7 yoʻnalishdan iborat juda katta vazifalar belgilangan, ayni shu vazifalarning toʻlaqonli bajarilishiga mas’ul boʻlgani uchun;
– Vazirlar Mahkamasining 662-sonli qarori bilan belgilab qoʻyilgan normativ-huquqiy hujjatlarni lingvistik ekspertizadan oʻtkazishni muvofiqlashtiruvchi boʻlgani uchun;
– Eng asosiysi, hukumatning 61-sonli qarori bilan 2023-yil 1-yanvardan toʻliq lotin yozuviga oʻtilishi munosabati bilan bu qaror bajarilishiga bevosita mas’ul boʻlgani uchun.
Shu jarayonlarning ichida yurgan, ona tilimizga boʻlayotgan alohida e’tiborlardan quvongan, muammolar hal boʻlmay qolganda iztirobga tushgan oddiiy bir shaxs sifatida oʻz fikrlarimni qisqacha bayon qildim. Toʻgʻri, hali kamchiliklar, qilinishi lozim boʻlgan ishlar koʻp. Ba’zi muammolarning toʻgʻri hal qilinishi har birimizga bogʻliq, shuning uchun “Ona tilim uchun oʻzim nima qildim?”degan savolni oʻzimizga ham berib turishimiz kerak. Biror shaxs yoki biror tashkilot faoliyati haqida soʻz ketganda, baho berishga shoshilmaylik. Avvalo, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishaylik, shunda albatta, fikrimiz ijobiy tomonga oʻzgaradi. Siz nima deysiz, aziz vatandoshim?!
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o’qitish va malaka oshirish markazi direktori, f.f.n., dots. Azimov Inomjon Mamasodiqovich