Oʻychi oʻyiga yetguncha tavakkalchi ishini bitiribdi

? “Oʻychi oʻyiga yetguncha tavakkalchi ishini bitiribdi” degan maqol bor. Biz ham toʻrt yildan beri oʻylab yurgunimizcha, Rossiya rus tilining mavqeyini yanada mustahkamlab olibdi, qoyil qolmay ilojimiz yoʻq!
Joriy yilning 16-fevral kuni Rossiya Davlat dumasi ikkinchi va uchinchi oʻqishda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qildi. Unda rus tilini qoʻllashni tartibga solishning me’yoriy mexanizmlari va uni hech qanday qoidalarsiz oʻzlashayotgan xorijiy soʻzlardan himoya qilinishi aks etgan.
Qonun hujjatlariga muvofiq, majburiy normativ lug‘atlar va ma’lumotnomalar joriy etiladi. Aynan ularga muvofiq rus tilining davlat tili sifatidagi standartlari belgilanishi kerak. Shunga koʻra, ushbu standartlarga mos kelmaydigan soʻz va iboralardan foydalanish taqiqlanadi.
Agar rus tilida oʻzlashma soʻzlarning oʻxshashlari mavjud boʻlsa, xorijiy soʻzlardan foydalanish, qabul qilinishi mumkin emas deb hisoblanmoqda. Bundan tashqari, hujjatga ko‘ra, har bir qonun loyihasi rus tili me’yorlari va qoidalariga muvofiqligini tekshirish uchun lingvistik ekspertizadan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Qonun loyihasida aytilishicha, Rossiya Federatsiyasi hududida rus tili me’yorlariga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni ishlatish taqiqlanadi. Shuningdek, sinonimlar bilan almashtirib boʻlmaydiganlar bundan mustasno.
Dumaning madaniyat boʻyicha qoʻmitasi raisi Elena Yampolskayaning ta’kidlashicha, hech kim chet tillarini taqiqlashni yoki Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi bilan himoyalangan va roʻyxatga olingan tovar belgilarini bir kechada oʻzgartirishni talab qilmaydi. Biz faqat Rossiyada yashayotganligimizni aytyapmiz. Bizning davlat tilimiz bor, u rus tilidir. Shu xolos. Va har qanday sababga koʻra har qanday kreativlik yoki har qanday fantaziya uchun yoki boʻlmasa mamlakat hududida qandaydir savdo-sotiqni amalga oshirish uchun rus tili manfaatlarining buzilishini qabul qilish mumkin emas.
Avvalroq Yampolskaya uy-joy sohasida xorijiy nomlarni taqiqlashni taklif qilgan edi. “Mamlakatimizda turar-joy majmualari va kottejlar qanday nomlanishiga e’tibor berganmisiz? Bu cheksiz “klablar”, “haus”, “fild”, “hill”, “forest”, “villaj”, “steytlar”, — deydi u.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5850-sonli farmonida “Davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan takomillashtirgan holda uning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasiga kiritsin” degan vazifasi qoʻyilgan edi. Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti mas’ulligida yangi tahrirdagi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonunchilik palatasiga taqdim qilinib, muhokama ham boʻldi, qonunning eng asosiy moddalariga koʻpchilik deputatlar qarshi chiqishdi, bir soʻz bilan aytganda, eng asosiy qonunimizga bepisandlik bilan qaraldi. Oradan toʻrt yilga yaqin vaqt oʻtishiga qaramasdan, Prezident farmoni ijrosi hanuzgacha ta’minlanmay qolinmoqda. Oʻz tili mavqeyini yanada oshirishga intilayotgan rus deputatlari bu orada “Davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunini jiddiy muhokama qilib, qabul qilib boʻlishdi. Biz hamon uyqudamiz, afsus…

? P.S. Vikipediya ma’lumotiga koʻra hozirda Rossiya Federatsiyasida 24 respublika (bular yaqinda respublika deb nomlanmasdan subyekt deb nomlanadigan boʻldi), 4 ta avtonom okrug,1 ta avtonom oblast boʻlib, 200 yaqin millatlar yashaydi. Aholining 71,7 foizini rus millati tashkil qiladi.
? Davlat statistika qoʻmitasining 2021-yil 1-yanvardagi ma’lumotiga koʻra Oʻzbekiston aholisining 84,4 foizini oʻzbeklar tashkil qiladi.

Davlat tilida ish yuritish asoslarini o’qitish va malaka oshirish markazi direktori – prorektor, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Azimov Inomjon Mamasodiqovich.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan