ALIFBOGA YAKUNIY NUQTA QO‘YISH VAQTI KELDI…

So‘nggi kunlarda bitta mavzu juda ko‘p muhokama qilinmoqda. Muhokamalar markaziga aylangan bu masala, albatta, alifbomiz islohoti masalasi. Aslida bu muhokamalarga sabab bo‘lgan muammolar 1995-yil may oyida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga ba’zi o‘zgartirishlar kiritishdan so‘ng boshlangan edi. Oradan shuncha vaqat o‘tgan bo‘lsa-da, bu masala ora-orada muhokamalarga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Bu safar lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi islohiga uzil-kesil yakuniy nuqta qo‘yish vaqti kelganga o‘xshaydi. Bunga joriy yilning 22-sentabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-nazariy anjumani sabab bo‘ldi deyishimiz mumkin.

Anjumanda ishchi guruh tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining takomillashtirish bo‘yicha quyidagi 2 ta harf va 2 ta harf birikmalarini o‘zgartirish taklif qilindi.

Amaldagi shakl Taklif qilingan shakl
Ch ch C c
G‘ g‘ Ğ ğ
O‘ o‘ Õ õ
Sh sh Ş ş

 

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, anjumanda faqatgina tilshunos-filolog olimlar emas, balki tarixchi olimlar, jurnalistlar, blogerlar, shoir va yozuvchilar, doktarant va magistrlar,  amaliyotchi o‘qituvchilar va boshqalar ishtirok etdilar. E’tibor beradigan bo‘lsak, bugungi kunda taklif qilinayotgan harflarning hammasi bizga begona emas.                       Amaldagi 4 ta harfdan, ayniqsa, 2 tasini (O‘ o‘-Õ õ, G‘ g‘ – Ğ ğ) isloh qilishga o‘ta ehtiyoj sezilardi. Shuning uchun ham bu ikki harflarning shakllarini o‘zgartirish shart edi. Chunki bu harflarning bosma shakli  kompyuterda yozishda, dasturiy ta’minotlar tayyorlashda o‘ta noqulay bo‘lib, qator muammolarni keltirib chiqarishi mutaxassislar tomonidan ko‘p bora ta’kidlab kelindi. Jumladan:

– qo‘shimcha (‘) belgisini tutuq (’) belgisi bilan chalkashtirish;

– shakllarni kompyuterda yozganda bir nechta vazifa(funksiya)ni bajarish;

– yozuvda ko‘p vaqt va joyni band qilish;

– har ikkalasida ham bir xil (’) shaklni ifodalash orqali doimiy imlo xatolariga yo‘l qo‘yish;

– xalqaro miqyosda esa mavjud texnik talab(unikod)ga javob bermasligi kabilar ko‘p sohalarda muammolar olib keldi.

Anjumanda  ishchi guruh tomonidan taklif qilingan bu harflarning bosma va yozma shakllari bir xil ko‘rinishga keltiriladi, buni ijobiy hol deyish mumkin, qolaversa,                  1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ham bu (Õ õ, Ğ ğ)  shakllar mavjud bo‘lgan. Shu o‘rinda yana bir mulohaza, ko‘pchilik tomonidan bildirilayotgan fikrlarga ko‘ra bu harflarning ustiga qo‘yiladigan belgilari   (O‘ o‘-Õ õ, G‘ g‘-Ğ ğ)ning bir xil emasligi  mavjud texnik masalalar bilan bog‘liq ekanligini e’tiborga olish maqsadga muvofiqdir.

(Ch ch — C c) harfiga e’tiborni qaratadigan bo‘lsak,  nima uchun C c harfiga  ilmoq (dum) taklif qilinmagan degan savol tug‘ilishi tabiiy. Ba’zi turkiy xalqlarda aynan ilmoq orqali ifodalangan. Lekin tanganing ikkinchi tomonini ham unutmaylik-da.

  O‘zi shunday ham 30 yil davomida alifbomizda mavjud bo‘lmagan C c dan Ch-ch yasab keldik. Bu esa alifboda  kamchilik sifatida kuzatilishi hech kimga sir emas. Bu harfning  taklif qilingan (Ch ch — C c) shakli bo‘yicha yana quyidagilarni aytish mumkin:

  • C c harfi 1929-1940-yillarda foydalanilgan alifboda ham bugungi Ch ni ifodalagan;
  • C c harfi amaldagi Ch ning tarkibiy qismida mavjud bo‘lganligi uchun ham oson o‘zlashtiriladi;
  • C c harfi uchun alohida kompyuter tugmasiga hojat qolmaydi, qolaversa, jahon xalqlari alifbosida (masalan italyan yozuvi) ham uchraydi. (Lotin yozuvining ildizlari qadimgi Rimga borib taqalishi mutaxassislar tomonidan ta’kidlab kelinadi).

Shu o‘rinda bizning tariximizda ham jadidchi bobolarimiz ham aynan bugungi Ch ni C c ko‘rinishda ifodalaganligini ham ta’kidlab o‘tish lozim.

         (Sh sh — Ş ş) harfi 1929-1940 hamda 1993-1995-yillarda amalda bo‘lgan lotin yozuviga asoslangan alifbomizda mavjud bo‘lgan. Shuningdek, bugungi kunda ko‘pgina turkiy xalqlarlarning ham alifbosida bu harf oz‘ ifodasini topgan.Ta’bir joiz bo‘lsa shu narsani aytib o‘tish kerakki, bugun taklif qilinayotgan Ş ş harfi aksariyat yoshlar tomonidan telefon smartfonlaridagi yozishmalarda Sh sh o‘rnida ishlatib kelayotgan Ww tugmachasida joylashtirilishi ijobiy hol ekanligi ta’kidlanmoqda.

        Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, bugun taklif qilinayotgan bu isloh bugungacha taklif qilingan o‘zgartirishlarning eng qulayi va ma’quli deyish mumkin.  Yuqorida keltirilganlarga  asoslanib  bu taklifni ma’qullasa bo‘ladi. Albatta, bu borada har kimning o‘z nuqtayi nazari bor. Hamma bir xil fikrlashi, tafakkur qilishi mumkin bo‘lmagani kabi hammaga birday yoqadigan alifboni bu bo‘lishda yaqin orada qabul qila olmaymiz. Keling, shu safar mutaxassislarga ham ishonaylik, ko‘pchilikka ma’qul bo‘lgan mazkur taklifni amalga kiritishga harakat qilaylik. Shunday buyuk o‘tmishga ega bo‘lgan, tarixiy, nihoyatda boy tilimiz qachongacha yagona yozuv tizimisiz, yoki ikki yozuv tizimi orasida yashaydi, nafas oladi?! Qachongacha alifbomiz borasida yagona qarorga kela olmay jahon hamjamiyati orasida kulgi bo‘lamiz?!  Axir turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqligini  bugun butun dunyo tan oladi-ku.

Darhaqiqat, bugun biz tarixiy davrda xalqimiz o‘z oldiga ezgu va ulug‘ maqsadlar qo‘yib tinch osoyishta hayot kechirayotgan, avvalombor, o‘z kuch va imkoniyatlariga tayanib, ko‘plab sohalarda ulkan natijalarni qo‘lga kiritayotgan bir zamonda yashamoqdamiz. Mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan –milliy yuksalish sari” degan ustuvor g‘oya asosida o‘z taraqqiyotining tamomila yangi bosqichiga dadil qadam qo‘yayotgan bir davrda barcha sohalar kabi jonajon tilimizning yozuvdagi ifodasi bo‘lgan alifbomiz takomiliga befarq bo‘lmaylik.

O‘rinboy Boboyorov – Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i 

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan