Harflar o‘zgarishi zarur !
Texnologiya asrida tilning rivojlanishi, dunyodagi boshqa davlatlar bilan aloqani o‘rnatishda muhim sanaladi. Ayniqsa tasdiqlanadigan yozma hujjatlar, davlat tili yozuvida beriladi. Shu bois hamkorlik ishlarini ya’ni integratsiyani yo‘lga qo‘yishda yozuv muhim sanaladi. Demak, ushbu ishlarni amalga oshirishda o‘zgartirishga berilgan harflar o‘zgartirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ayni vaqtda oldingi o‘rinlarda borayotgan sohalardan biri bo‘lmish sun’iy intellektning tabiiy til bilan ishlash sohasi rivoji hamda taraqqiyoti uchun ham bu muammo tezroq hal bo‘lishi zarur deb hisoblayman. Hozirgi vaqtda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tarkibidagi O‘ va G‘ harflari kompyuterda yozish jarayonida bir qancha noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Shu harflar qatnashgan so‘zlarni yozish jarayoni biroz vaqtni oladi. Kompyuterning Word dasturida ushbu harflarni yozish uchun avvalo O yoki G harfi yozib olinadi undan keyin bitta bo‘sh joy tashlab, keyin Enter tugmasining chap tominida joylashgan apostrof tugmasi bosilsa, bizga kerakli bo‘lgan belgi paydo bo‘ladi. Ko‘ryapsizki, bitta harfni shakllantirish qancha vaqtni olyapti va yozayotgan odam uchun ovvoragarchilikni keltirib chiqaryapti.
Shuningdek, Sh harfi ham noqulaylik tug‘dirmoqda. Sh harfi ifodalaydigan tovushni berish uchun yoshlar o‘zlarining shaxsiy yozishmalarida w harfidan foydalanish urfga kirgan. Ch harfi ham ushbu qatordagi harflardan. Ushbu harfni ham ifodalash uchun ikkita belgidan foydalanamiz. Ch harfini ham muqobiliga almashtirish zarur.
- O‘ o‘ — Õ õ
- G‘ g‘ — Ğ ğ
- Ch ch — C c
- Sh sh — Ş ş
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini isloh qilish bo‘yicha deyarli 30 yilga cho‘zilgan ishlar tez orada yakuniga yetadigan ko‘rinadi. Ayni vaqtdagi lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi islohoti juda o‘rinli deb o‘ylayman. Dunyoda qanchadan qancha kashfiyot-u ixtirolar qilinayotgan, har bir davlat jahon standartlari asosida ish olib borayotgan bir zamonda biz hali ham alifboni tartibga keltirolmay yurganimiz juda ham achinarli holat!
Husniddin Suyunov
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Navoiy viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari.