Davlat tilining nufuzini oshirishda kuchlar birlashdi!

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashining “Ayollar va yoshlar qanot”lari Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda aholining o‘zbek tilini bilish darajasini o‘rganish, nutq madaniyati bilan bog‘liq salbiy taʼsirlarga qarshi kurashish, o‘zbek yozuviga asoslangan lotin alifbosiga oid islohotlarni jadallashtirish va bu borada boshqaruv organlari masʼuliyatini oshirishga qaratilgan amaliy loyihaga qo‘l urdi.

Endilikda markaz bilan hamkorlikda muntazam ravishda respublika miqyosida korxona, tashkilot, muassasalarda “Ommaviy diktant” loyihasi o‘tkaziladi.

Kuni kecha mazkur loyiha ilk bor Bojxona qo‘mitasi va Bojxona instituti kursantlari o‘rtasida tashkil etildi.

Tadbirni partiya Markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammedjanova kirish so‘zi bilan ochib, jumladan shunday dedi:

– Ushbu loyiha globallushuv jarayonida tobora ko‘p tilli bo‘lib borayotgan o‘zbek jamiyatining davlat tiliga hurmat va eʼtiborini kuchaytirish uchun ham zarur. Ayniqsa, yoshlarga har bir xalqning tilini uning buyuk qadriyati, o‘zligining timsoli, millatning ruhi, tafakkuri va tarixini aks ettiruvchi maʼnaviy xazinasi sifatida ardoqlanishi lozimligini anglatish, O‘zbek tilining ko‘p millatli xalqimizni birlashtiruvchi kuch sifatidagi o‘rni va taʼsirini yangi bosqichga ko‘tarish oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir. Bolalarimiz o‘zbekcha gapiryaptimi? Bu savolga haqqoniy  javob beradigan payt keldi. Chunki o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 34 yil bo‘ldi. Bu savol millatidan qatʼi nazar, hammani o‘ylantirishi kerak…

Tadbirda Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi mutaxassislari kursantlardan “Milliy qadriyatlar ona tili bilan singadi” mavzusida diktant oldilar. Quvonarlisi, g‘oliblar kutilganidanda ko‘p bo‘ldi.

– Bo‘lajak bojxonachi qizlarimiz savodxonlik bobida O‘zbek tili va adabiyoti universiteti talabalaridan sira qolishmas ekanlar. Kursantlarimizning bunday natijalarida ustozlarning xizmati beqiyos, albatta, – dedi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining ilmiy metodik taʼminot bo‘limi boshlig‘i Shahboz Zarmasov.

Tadbirda Toshkent shahar hokimining til masalalari bo‘yicha maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev ishtirok etib, ushbu loyihani hamkorlikda davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Tanlov g‘oliblari hamkor tashkilotlarning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

 

Feruza JALILOVA,

partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan