Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmonida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi 117-sonli qarori bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.
Markazning maqsadi – davlat tilini to‘la joriy etish va o‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yor va qoidalari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini davlat tilida ish yuritish tizimida to‘laqonli amal qilishini ta’minlashda davlat tashkilotlari xodimlarining bu boradagi mahoratini doimiy ravishda rivojlantirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan bilimlar va ko‘nikmalarni muntazam ravishda yangilab borishdan iborat.
Xususan:
- barcha davlat tashkilotlari xodimlarini davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha o‘qitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
- aholi uchun o‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yor va qoidalari o‘rganishlariga zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qisqa muddatli o‘quv kurslarida, jumladan, masofaviy o‘qishga imkoniyat yaratib berish;
- iqtisodiyot sohalari kesimida davlat tilida ish yuritish hamda aholi uchun o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalarining soddalashtirilgan ommabop o‘quv qo‘llanmalarini yaratish hamda bu yo‘nalishdagi o‘qitishning sifatini oshirishga metodik yordam berish Markazning maqsadini tashkil qiladi.
Markazning asosiy vazifalari:
- o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish yo‘nalishida malaka oshirish va o‘qitish bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan malaka oshirish va o‘quv kurslarini tashkil etish;
- davlat xizmatchilarining o‘zbek adabiy tili me’yorlari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosi, davlat tilida ish yuritish asoslari, rasmiy hujjatlar va ularni yozish bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratlarini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish;
- aholining yozma hamda og‘zaki savodxonligini oshirish, o‘zbek adabiy tili me’yorlari, o‘zbek tili qurilishi bo‘yicha amaliy bilimlari, ko‘nikma va mahoratlarini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish;
- davlat xizmatchilari hamda aholini o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha o‘qitish va ularning malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy o‘quv-metodik, axborot-ma’lumotlar bazasini yaratish;
- sohalar kesimida davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ommabop qo‘llanmalar, lug‘atlar va dasturiy ta’minotlar yaratish;
- soha terminologiyasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borish;
- o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
- o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ta’lim dasturlarining uzluksizligi va izchilligini ta’minlashni inobatga olgan holda davlat xizmatchilari va aholini o‘qitish va malakasini oshirishning o‘quv dasturlarini tizimli ravishda takomillashtirib borish;
- davlat xizmatchilari va aholining nutq madaniyati va notiqlik mahoratini o‘stirish;
- qonunchilikda man etilmagan ta’lim xizmatlari, shuningdek, lingvistik ekspertiza ishlarini amalga oshirish, pulli xizmatlarni tashkil etish.
Markazning huquq va majburiyatlari
Huquqlari:
- O‘zbekiston Respublikasi hududida va xorijiy mamlakatlarda o‘z nomidan yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘z vakolati doirasida hamkorlik shartnomalarini tuzish;
- ta’lim tizimini takomillashtirish borasida turli xalqaro va respublika miqyosidagi ko‘rgazma, konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish;
- xalqaro ta’lim va ilmiy muassasalari hamda turli jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish;
- ta’lim muassasasi kengashiga va rahbariyatiga takliflar bilan chiqish;
- o‘z faoliyati haqida matbuot va internet-saytlari orqali axborot tarqatish;
- o‘z faoliyatiga daxldor masalalar bo‘yicha majlislar, konferensiyalar o‘tkazish;
- ilm-fan va ta’limga oid xalqaro tadbirlar tashkil qilish va o‘tkazishda ishtirok etish;
- Markaz faoliyati doirasida qo‘yilgan vazifalarni bajarish maqsadida vaqtinchalik mehnat jamoasi tuzish, xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida ishga taklif qilish;
- xalq xo‘jaligi turli sohalarining korxona va tashkilotlari, ta’lim muassasalari xodimlari uchun pulli shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
- Markaz tomonidan bajarilgan ilmiy-texnik ishlanmalar mualliflik huquqiga amal qilish, yaratilgan mahsulotdan foydalanishda mualliflik nazoratini amalga oshirish;
- O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligi bilan ta’qiqlanmagan va mazkur Ustavga zid bo‘lmagan boshqa faoliyatlarni amalga oshirish.
Majburiyatlari:
- kurslar doirasida sifat jihatidan yuqori tashkiliy va kasbiy darajada mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun zarur o‘quv, uslubiy va moddiy-texnika bazasini tashkil etish;
- o‘qitish va malaka oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha zarur axborot-ma’lumotlar bazasini shakllantirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik, multimedia va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqishni va ularni joriy etishni tashkil etish;
- davlat xizmatchilari va aholini o‘zbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritishga o‘qitish va bu yo‘nalishda ularning malakasini oshirish ishlarini olib borishda respublikadagi soha bo‘yicha mavjud tajriba, salohiyat va imkoniyatlardan keng foydalanishni tashkil etish.
Markazning O’zbekiston Respublikasi viloyatlari hamda Qoraqalpog’iston Respublikasida hududiy bo’linmalari mavjud.
№ | Hududiy bo‘linmalar | Manzili |
1 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘linmasi | Qoraqalpog‘iston davlat universiteti |
2 | Andijon viloyati bo‘linmasi | Andijon davlat universiteti |
3 | Buxoro viloyati bo‘linmasi | Buxoro davlat universiteti |
4 | Farg‘ona viloyati bo‘linmasi | Farg‘ona davlat universiteti |
5 | Jizzax viloyati bo‘linmasi | Jizzax davlat pedagogika instituti |
6 | Namangan viloyati bo‘linmasi | Namangan davlat universiteti |
7 | Navoiy viloyati bo‘linmasi | Navoiy davlat pedagogika instituti |
8 | Qashqadaryo viloyati bo‘linmasi | Qarshi davlat universiteti |
9 | Samarqand viloyati bo‘linmasi | Samarqand davlat universiteti |
10 | Sirdaryo viloyati bo‘linmasi | Guliston davlat universiteti |
11 | Surxondaryo viloyati bo‘linmasi | Termiz davlat universiteti |
12 | Toshkent viloyati bo‘linmasi | Chirchiq davlat pedagogika instituti |
13 | Xorazm viloyati bo‘linmasi | Urganch davlat universiteti |