“O‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yorlari” o‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmonida belgilangan vazifalarni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 61-son qarori ijrosini amalga oshirish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, o‘quv kursi tinglovchilarini o‘zbek tilini amaliy jihatdan o‘rganuvchi keng aholi qatlami vakillari tashkil etadi.
“O‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yorlari” o‘quv kursi 144 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, keng aholi vakillaridan iborat tinglovchilarda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, o‘zbek adabiy tili me’yorlari, davlat tilida ish yuritishga oid bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga qaratilgan.
Mazkur o‘quv kursining maqsad va vazifalari:
– lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini kirill alifbosi bilan qiyoslab o‘rgatish;
– o‘zbek adabiy tili me’yorlari, o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari, tinish belgilariga oid bilimlar berish;
– nutqiy vaziyatlarni yozma va og‘zaki ifodalash, nutqning uslubiy shakllari, matn yaratish texnikasi va matn ustida ishlashga oid ko‘nikma va malakalarni rivojlantirish;
– tinglovchilarda nutq madaniyatiga rioya qilgan holda fikrni yozma hamda og‘zaki ifodalash ko‘nikmasini shakllantirish;
– aholi uchun zaruriy ish hujjatlari va ularga qo‘yiladigan asosiy talablar, ish yuritish tili va uslubi, hujjat turlari bilan tanishtirish.
Kurs bo‘yicha tinglovchilarning bilim, ko‘nikma va malakalariga qo‘yiladigan talablar quyidagicha:
Tinglovchi:
– lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini bilishi;
– o‘zbek adabiy tili me’yorlari, o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalari, tinish belgilarini o‘zlashtirishi;
– nutq uslublarini farqlay olishi;
– matn yaratish texnikasini egallashi hamda yozma va og‘zaki nutqqa baho bera olishi;
– nutq madaniyatiga rioya qilgan holda fikrni yozma hamda og‘zaki shaklda ifodalay olishi;
– hujjat tili va uslubi, hujjat turlari: ma’lumot-axborot hujjatlari va ularning turlari haqida tasavvurga;
– o‘zbek tilida kundalik hayotda ko‘p qo‘llanadigan rasmiy hujjatlarni to‘g‘ri va savodli yoza olish ko‘nikmalariga;
– fikrni og‘zaki hamda yozma shaklda to‘g‘ri ifodalay olish malakalariga ega bo‘lishi zarur
Mazkur o‘quv kursi keng aholi qatlami vakillarini o‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yorlariga o‘rgatish, nutqiy vaziyatlarga tayyorlash, savodxonlik darajalarini oshirishga xizmat qiladi.




