O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5850-son Farmonida belgilab berilgan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 3-martdagi 117-sonli qarori bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tashkil etildi.
Markazning maqsadi – davlat tilini to‘la joriy etish va o‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yor va qoidalari, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini davlat tilida ish yuritish tizimida to‘laqonli amal qilishini ta’minlashda davlat tashkilotlari xodimlarining bu boradagi mahoratini doimiy ravishda rivojlantirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan bilimlar va ko‘nikmalarni muntazam ravishda yangilab borishdan iborat.
Xususan:
- barcha davlat tashkilotlari xodimlarini davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha o‘qitish va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
- aholi uchun o‘zbek adabiy tilining yozma nutq me’yor va qoidalari o‘rganishlariga zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida qisqa muddatli o‘quv kurslarida, jumladan, masofaviy o‘qishga imkoniyat yaratib berish;
- iqtisodiyot sohalari kesimida davlat tilida ish yuritish hamda aholi uchun o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalarining soddalashtirilgan ommabop o‘quv qo‘llanmalarini yaratish hamda bu yo‘nalishdagi o‘qitishning sifatini oshirishga metodik yordam berish Markazning maqsadini tashkil qiladi.
