Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Ilmiy-metodik kengashi to‘g‘risida
NIZOM
Mazkur Nizom Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) Ilmiy-metodik kengashining (keyingi o‘rinlarda – Kengash) faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
- Kengash Markaz faoliyatiga doir asosiy masalalar kollegial muhokama qilinadigan, Markazda o‘quv jarayonini rivojlantirish, takomillashtirish, uning faoliyati bilan bog‘liq barcha tashkiliy masalalarni muvofiqlashtirish bo‘yicha doimiy faoliyat yuritadigan oliy organ hisoblanadi.
- Kengashning faoliyati jamoatchilik asosida tashkil etiladi va doimiy ishlaydigan organ hisoblanadi.
- Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, ushbu Nizomga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga amal qiladi.
2-bob. Kengashning maqsadi va asosiy vazifalari
- Kengashning maqsadi davlat tilini to‘la joriy etish va lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosining davlat tilida ish yuritish tizimida to‘laqonli amal qilishini ta’minlashda davlat tashkilotlari xodimlarining bu boradagi mahoratini doimiy tarzda rivojlantirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalarni muntazam ravishda yangilab borish, malaka oshirish jarayonlariga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishini muvofiqlashtirish, xodimlarning kasbiy kompetentligini ularning malakasini oshirish natijalariga bog‘liq holda uzluksiz rivojlantirib borish uchun zarur tavsiyalar berishdan iborat.
- Kengashning vazifalari quyidagilardan iborat:
oʻzbek adabiy tili me’yorlari va davlat tilida ish yuritish bo‘yicha ta’lim dasturlarining uzluksizligi hamda izchilligini ta’minlashni inobatga olgan holda davlat xizmatchilari, shuningdek, aholini o‘qitish va malakasini oshirishning o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;
malaka oshirish ta’lim jarayoni sifati va natijalarini tizimli tahlil qilish, pedagoglarni zamonaviy talablarga muvofiq oliy ta’lim sifatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan kasbiy ko‘nikmalari va layoqatlari rivojlanishining o‘zgarishini baholab borish;
ilg‘or xorijiy tajribani hisobga olgan holda o‘quv-metodik materiallar tayyorlanishi va samarali metodikalar ishlab chiqilishini ta’minlash;
hududiy boʻlinmalar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning faoliyatlari bo‘yicha hisobotlarni muhokama qilib borish;
professor-o‘qituvchilar tarkibining kasbiy tayyorgarligi darajasini, ularning yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va tarbiyalashning talab qilinadigan darajasini ta’minlash bo‘yicha faoliyat natijalarini tahlil qilish;
Markazning ta’lim dasturlarini, o‘quv-metodik va me’yoriy hujjatlarning amaliyotdagi ijrosini tahlil qilish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalarida malaka oshirish jarayonlarini tahlil qilish, ma’lumotlarni umumlashtirish, xulosa va takliflar ishlab chiqish asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish jarayonlarini sifatli va muntazam takomillashtirib borishga oid tegishli tavsiyalar ishlab chiqish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari xodimlarini ilmiy unvonlarga tavsiya qilish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari xodimlari, professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan darsliklar, o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar va ilmiy monografiyalarni nashrga tavsiya etish;
Markaz va uning hududiy boʻlinmalari orasidan iqtidorli xodimlarni ta’limning doktorantura bosqichiga maqsadli o‘qishga tavsiya qilish.
- Kengash o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror, farmon va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining qaror va buyruqlari asosida amalga oshiradi.
3-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
- Kengash, qoidaga ko‘ra, Kengash raisi, rais o‘rinbosari, ilmiy kotib va a’zolardan iborat tarkibda shakllantiriladi. Kengash faoliyatini Markaz direktori boshqaradi. Kengash tarkibiga Markaz boʻlim boshliqlari va xodimlari, hududiy boʻlinmalar rahbarlari kiritiladi.
- Kengash faoliyatiga tegishli masalalarni hal etishda a’zolarning teng huquqliligi tamoyili ta’minlanadi.
- Kengash tarkibi Markaz direktori tomonidan shakllantiriladi va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektorining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Har yilning boshida turli sabablarga binoan Kengash tarkibidan chiqarilgan a’zolar o‘rniga lavozim vazifalariga ko‘ra yangi a’zolar lavozim vazifalariga ko‘ra kiritiladi.
- Kengash o‘z ishini har kalendar yili uchun ishlab chiqiladigan rejaga muvofiq tashkil etadi. Kengash ish rejasi uning yig‘ilishida muhokama etilganidan so‘ng Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
- Kengash yig‘ilishi uning a’zolarining 2/3 qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi va o‘tkazilishi mumkin.
- Kengash o‘z faoliyatini tasdiqlangan reja asosida tashkil qiladi va o‘z majlislarini oyda bir marta o‘tkazadi. Kengash raisi tomonidan Kengash a’zolarining yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin. Bunda majlisni o‘tkazishning sabablari va asoslari bayon qilinishi kerak.
- Kengash majlisini Kengash raisi olib boradi. Rais bo‘lmagan taqdirda majlisni uning o‘rinbosari boshqaradi.
- Kengash muhokamasida ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha uning qarorlari ochiq ovoz berish tartibida, ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
- Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengash yig‘ilishi tomonidan qabul qilingan qarorlar Markaz direktori tasdiqlaganidan keyin amalda kuchga kiradi.
- Muhokama etilgan masalalar yuzasidan Kengash yig‘ilishi bayonnomasi tayyorlanadi. Kengash bayonnomasi uning raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi.
- Kengash kotibi muntazam ravishda Kengash qarorlarining bajarilishi yuzasidan axborot berib boradi.
4-bob. Kengash a’zolarining vazifalari va vakolatlari
- Kengash raisi:
Kengash majlislari kun tartibini belgilaydi va ko‘riladigan masalalar muhokamasini tashkil qiladi;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlar bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
Kengash a’zolariga yuklangan vazifalarning bajarilishi bo‘yicha ularning ishlarini muvofiqlashtiradi;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda Kengash manfaatlarini ifodalaydi;
Kengashning samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha tegishli shart-sharoitlarni yaratadi;
Kengash raisi o‘rinbosari hamda kotibini tayinlaydi.
- Kengash raisi o‘rinbosari:
Kengash raisi uzrli sabablarga ko‘ra yig‘ilishda ishtirok eta olmagan holatlarda Kengash yig‘ilishini olib boradi;
Kengash kun tartibidagi muhokamali masalalar bo‘yicha tegishli ma’lumotlarning kotib bilan birgalikda tayyorlanishini tashkil etadi va yig‘ilishdan ikki kun avval raisga taqdim etadi;
Kengash qarorlari ijrosi monitoringini yuritadi.
- Kengash kotibi:
Kengash majlisiga barcha zarur hujjatlarning o‘z vaqtida tayyorlanishini ta’minlaydi;
majlisni o‘tkazish muddati va joyini Kengash raisi bilan kelishadi;
kun tartibidagi masalalar bo‘yicha Kengash majlislari o‘tkazilishini tashkil etadi;
Kengash a’zolari va taklif etilgan shaxslarni Kengash o‘tkaziladigan sana, uning kun tartibi loyihasi, o‘tkazilish vaqti va joyi to‘g‘risida xabardor qiladi;
Kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi;
Kengash bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni Kengash a’zolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
- Kengash a’zolari:
Kengash majlislarida ko‘rib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va tegishli qarorlar qabul qilishda faol qatnashadilar;
Kengashga malaka oshirish jarayonlarini takomillashtirishning dolzarb masalalari bo‘yicha takliflar kiritadilar;
Kengash tomonidan muhokama qilinayotgan masalalar bo‘yicha xulosalar taqdim etadilar;
Kengash a’zolari o‘z faoliyatlarini Kengash tartibida jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
5-bob. Kengash majlislarini olib borish
- Kengash majlislari oyda bir marotaba tasdiqlangan rejaga asosan har oyning uchinchi chorshanbasida o‘tkaziladi.
Zarur masalalarni ko‘rib chiqish lozim bo‘lganda, navbatdan tashqari Kengash majlisi chaqirilishi mumkin.
- Navbatdagi majlisning asosiy masalalari bo‘yicha kun tartibi majlisdan 5 kun avval tuziladi va Kengash a’zolariga tarqatiladi.
- Ma’ruzachi hamda tegishli mas’ullar muhokamaga qo‘yilgan masalalar bo‘yicha tayyorlangan ma’lumotnoma va qaror loyihasini majlisdan 3 kun avval Kengash kotibiga topshiradilar.
- Muhokamali masalalar bo‘yicha ma’ruzaning qisqa mazmuni va qaror loyihalari majlisdan bir kun avval Kengash a’zolariga tarqatiladi.
- Kengash a’zolari tegishli masalalar bo‘yicha qaror loyihasi to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini Kengash kotibiga yig‘ilishdan avval yoki muhokama davomida yetkazishlari mumkin.
- Kengash majlisiga uzrli sabab bilan qatnasha olmaydigan Kengash a’zosi majlis boshlanishidan avval Kengash kotibini ogohlantirishi lozim.
- Kengash a’zolari majlis boshlanishidan kamida 15 daqiqa oldin ishtirok varaqasiga imzo qo‘yishlari lozim.
- Majlis boshlanishidan 5 daqiqa avval Kengash kotibi Kengash a’zolari soni va kvorumning mavjud yoki mavjud emasligi haqida Kengash raisini xabardor qiladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
- Kengash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori tomonidan qayta tashkil qilinishi yoki tugatilishi mumkin.
- Nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori tomonidan amalga oshiriladi.