Bugun Toshkent shahrida “Davlat tili taraqqiyoti: muammo va yechimlar” mavzusidagi VI respublika an’anaviy ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjuman o‘zbek tilining bugungi taraqqiyot tendensiyalari, davlat tilini rivojlantirishning dolzarb masalalari hamda tilshunoslikning nazariy va amaliy muammolarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Anjuman Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni arafasida hamda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganining 37 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan anjuman davlat tilining jamiyat hayotidagi nufuzini yanada oshirish, uning ilm-fan, ta’lim, davlat boshqaruvi va zamonaviy axborot-kommunikatsiya muhitidagi qo‘llanish doirasini kengaytirishga qaratildi.
Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolbo‘tayev, Ta’lim va ilm-fan vazirining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, taniqli yozuvchi Isajon Sulton, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti bosh ilmiy xodimi, professor Nizomiddin Mahmudov tabrik so‘zlari bilan ishtirok etdilar.
Xorijlik tilshunos olimlar anjuman ishiga muvaffaqiyat tilab tabrik so‘zi bildirib anjumanning faxriy mehmonlari bo‘ldilar: Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkiya va Rossiyadan tashrif buyurgan taniqli olimlar ham qatnashdi. Jumladan, Ozarbayjonning Nasimiy nomidagi Tilshunoslik instituti direktori, professor Nadir Mammadli, professor Kadirali Konkabayev, Anqara universiteti professori Aynur O‘z O‘zjan hamda Qozon davlat san’at universiteti professori Guzaliya Gilazova shular jumlasidandir .
Anjumanning yalpi yig‘ilishida o‘zbek tilining taraqqiyot istiqbollari, til siyosatining dolzarb vazifalari, alifbo islohoti sharoitida adabiy til me’yorlarini takomillashtirish, imlo qoidalarining shakllanish tarixi, o‘zlashma terminlar imlosi va milliy tilning milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni kabi masalalar muhokama qilindi.
Yalpi yig‘ilishda Andijon davlat universiteti professori Abdulhay Sobirov, Samarqand davlat universiteti professori Azamat Pardayev, Farg‘ona davlat universiteti professori Sharifa Iskandarova, Nukus davlat pedagogika instituti professori Alima Pirnazarova, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining Buxoro viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari, filologiya fanlari doktori, professor Bibish Jo‘rayeva hamda Samarqand davlat chet tillari instituti professori Abdurayim Turobov o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.
Ma’ruzalarda til siyosatini takomillashtirish, alifbo islohoti sharoitida o‘zbek adabiy tili me’yorlarini tadqiq etish, imlo qoidalarining tarixiy shakllanishi, qoraqalpoq tilidagi o‘zlashma terminlar imlosi, milliy til va milliy ruh munosabati hamda kichik sintaksisga oid ilmiy qarashlar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Anjumanning ikkinchi yarmida ilmiy muhokamalar beshta asosiy yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan shu’ba yig‘ilishlarida davom ettirildi. Ularda o‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari, amaliy tilshunoslik, davlat tilida ish yuritish, soha lug‘atlarini tuzish va terminologiya, shuningdek, ta’lim bosqichlarida davlat tilini o‘qitish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shu’ba yig‘ilishlarida o‘zbek tilining adabiy me’yorlari, til ekologiyasi, zamonaviy sotsiolingvistika, pragmalingvistika, lingvistik ekspertiza, rasmiy hujjatlar tili, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi va imlosini takomillashtirish, terminlarni tartibga solish hamda zamonaviy lug‘atchilikning ilmiy-amaliy muammolariga alohida e’tibor qaratildi.
Ilmiy-amaliy anjuman doirasidagi muhokamalar olimlar, mutaxassislar va tadqiqotchilar o‘rtasida tajriba almashish, mavjud muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar izlash hamda davlat tilining turli sohalarda to‘laqonli amal qilishini ta’minlashga qaratilgan yondashuvlarni rivojlantirish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.
Anjuman yakunlari o‘zbek tilini rivojlantirish, uning ilmiy va amaliy imkoniyatlarini kengaytirish, davlat tilida ish yuritish sifatini oshirish hamda til siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga doir ilmiy-amaliy takliflarni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilgan mazkur anjuman o‘zbek tilining zamonaviy taraqqiyoti bilan bog‘liq dolzarb masalalarni keng muhokama qilish imkonini berdi.