Davlat tiliga hurmatni kuchaytirish, o‘zbek tilining jamiyat hayotidagi nufuzini oshirish hamda xodimlarning yozma savodxonligini yuksaltirishga qaratilgan “Savodxon tashkilot – savodli jamiyat” tashabbusi doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Navbatdagi diktant tadbiri Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitada tashkil etildi. Unda turli millat vakillaridan iborat 30 nafar xodim ishtirok etib, o‘zbek tilida savodli va to‘g‘ri yozish ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdi.
Tadbir Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi tomonidan tashkilotlarga ko‘rsatilayotgan beg‘araz amaliy ko‘mak doirasida o‘tkazildi. Markaz mutaxassislari diktant olib, ishtirokchilarning yozma ishlarini belgilangan mezonlar asosida baholashni amalga oshirdi.
Mazkur tadbir turli millat vakillarining davlat tilini o‘rganishi, o‘zbek tilida to‘g‘ri va savodli yozish ko‘nikmalarini rivojlantirishi hamda tashkilotlarda davlat tilida ish yuritish madaniyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zero, davlat tilini bilish va unga hurmat bilan munosabatda bo‘lish — jamiyatdagi o‘zaro hamjihatlik va umumiy qadriyatlarga ehtiromning muhim ifodasidir.
“Savodxon tashkilot – savodli jamiyat” tashabbusi doirasidagi diktant tadbirlari mamlakatimizdagi tashkilot va muassasalarda davom etmoqda.