Bugun Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari doktori, professor Inomjon Mamasodiqovich Azimov muborak 60 yoshni qarshilamoqda.
Inomjon Mamasodiqovich o‘zining sermazmun ilmiy-pedagogik faoliyati, yuksak tashkilotchilik qobiliyati va fidokorona mehnati bilan mamlakatimizda davlat tilining nufuzini oshirish, o‘zbek tilshunosligini rivojlantirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish hamda yosh avlodni ilm-fanga yo‘naltirish yo‘lida munosib xizmat qilib kelmoqda.

Ustozning ko‘p yillik ilmiy izlanishlari natijasida yaratilgan ilmiy asarlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalar tilshunoslik ilmi rivojiga salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi. Professor Inomjon Azimov nafaqat yetuk olim, balki yuzlab shogirdlar uchun mehribon ustoz, talabchan rahbar va fidoyi ma’rifat targ‘ibotchisi sifatida ham katta hurmat-e’tiborga sazovordir.
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi jamoasi nomidan Inomjon Mamasodiqovichni qutlug‘ 60 yoshli yubileyi bilan samimiy muborakbod etamiz.

Yubiley tadbirida davlat va jamoat arboblari, siyosatchilar, taniqli tilshunos olimlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, xorijiy hamkorlar, hamkasblar, yaqin do‘stlar, shogirdlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Inomjon Mamasodiqovichning o‘zbek tilshunosligi rivojiga qo‘shgan hissasi, davlat tilining nufuzini yuksaltirish borasidagi xizmatlari, ilm-fan va ta’lim sohasidagi samarali faoliyati hamda insoniy fazilatlari haqida iliq fikr-mulohazalar bildirdilar.
Tadbirda professorning ilmiy maktabi, ko‘p yillik pedagogik faoliyati va rahbarlik faoliyatiga bag‘ishlangan chiqishlar yangradi. Ustozning shogirdlari, hamkasblari va do‘stlari uning samimiyligi, talabchanligi, fidoyiligi hamda ilmga sadoqatini alohida ta’kidladilar.
Yubiley tadbiri samimiy tabriklar, ezgu tilaklar va ustozga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom ruhida o‘tdi. Tadbir yakunida yig‘ilganlar professor Inomjon Mamasodiqovich Azimovga mustahkam sog‘lik, uzoq umr, oilaviy baxt-saodat hamda ilmiy faoliyatida yangi muvaffaqiyatlar tiladilar.
Professor Inomjon Azimovning 60 yillik yubileyi nafaqat bir insonning tavallud ayyomi, balki o‘zbek tilshunosligi, ta’lim va ma’rifat sohasiga fidokorona xizmat qilib kelayotgan ustoz mehnatiga bildirilgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi bo‘ldi.