





Anjuman taassurotlari
Joriy yilning 11–12-may kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi, Turkiyaning Türk Dil Kurumu va Ankara Haci Bayram Veli Üniversitesi hamkorligida “Global integratsiya sharoitida turkiy tillar taraqqiyoti: muammo va vazifalar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Ushbu xalqaro anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2024-yil 18-yanvardagi 16-sonli buyrug‘iga asosan o‘tkazildi.
Anjuman hozirgi turkiy adabiy tillarining rivojlanishi, qardosh tillar fonetikasi, alifbo va imlo masalalari, turkiy adabiy tillarning grammatik qurilishi, turkiy tillar kompyuter lingvistikasi, turkiy tillar shevalarining mushtarakligi, ularning lug‘at tarkibi va sohaviy terminologiyasi kabi masalalarni o‘rganish va chuqurroq tahlil qilish, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining davlat tili boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari N.Xolboʻtayev, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklor instituti direktori N.Mahmudov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori G.Rixsiyeva, Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm Vazirligi Otaturk Madaniyat, Til va Tarix Oliy Jamiyati Turk Til Jamiyati boshligʻi Prof. Dr. Osman Mert anjuman ishtirokchilariga tabrik so‘zi bilan qatnashdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo soʻzga chiqib, oʻzbek adabiyotini turk kitobxonlariga yetkazishdagi samarali faoliyati uchun Anqara Hoji Bayram Valiy universiteti professori, tarjimon Vali Savash Yelokga Yozuvchilar uyushmasi faxriy a’zosi guvohnomasini topshirdi.
Anjuman yalpi yigʻilishida filologiya fanlari doktori, professor Ibrohimjon Yoʻldashev, Anqara Hoji Bayram Valiy universiteti professori Vali Savash Yelok (Turkiya), filologiya fanlari doktori, professor Mariya Chertikova (Xakasiya Respublikasi, Rossiya), L.M.Gumilyev nomidagi Yevraaziya universiteti professori, filologiya fanlari doktori Gulgaysha Sagidolda (Qozogʻiston), filologiya fanlari doktori, professor Elchin Ibrohimov (Ozarbayjon), filologiya fanlari doktori, professor Oorjak Baylaq (Tuva Respublikasi, Rossiya) ma’ruzalari tinglandi. Ayniqsa, ilk marta vatanimizga kelgan Xakasiya, Tuva Respublikalaridan kelgan olimalarning ma’ruzalari orqali xakas, tuva tillarini jonli tinglash ishtirokchilar uchun juda qiziqarli boʻldi.
Ikki kun davomida 5 ta shu’ba yig‘ilishlarida 20 nafar xorijlik, 30 nafar mahalliy soha olimlarining ma’ruzalari tinglandi, turkiy tillardagi muammolar, ularni birgalikda hal etish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, koʻp tilli lugʻatlar yaratish, oʻzaro tajriba almashish boʻyicha hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Tashkiliy qoʻmita anjuman yigʻilishiga respublikamizning barcha oliy ta’lim muassasalari olimlarini (masofadan boʻlsa ham) taklif qilgan edi. Afsuski, olimlarimizning ishtiroki sust boʻldi. Ehtimol, anjuman sababi bilan kelgan bu olimlarning qisqa boʻlsa-da, ma’ruzalari tashkil qilinganda, talabalar uchun juda foydali boʻlarmidi?!
Ikki kun davom etgan tadbirda juda koʻp turkiy olimlarning yaqinligiga erishildi, oʻzaro hamkorlik uchun aloqalar almashinuvi ta’minlandi. Eng asosiysi, mazkur anjumanning har yili oʻtkazilishiga kelishib olindi. Turkiy xalqlarning ilmiy hamkorligi mustahkamlanaversin deb qolamiz!
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov