1926-yil 26-fevral – 5-mart kunlari Ozarbayjonning Boku shahrida turkiy xalqlarning birinchi qurultoyi boʻlib oʻtadi. Mazkur qurultoyda taniqli turkiyshunos olimlar hamda barcha turkiy xalqlar vakillaridan jami 131 nafar delegat ishtirok etadi. Anjumanda 17 ta yigʻilish oʻtkazilib, unda turkiy xalqlar tili, adabiyoti, tarixi, madaniyati va yozuviga oid masalalar muhokama qilinadi, zarur qarorlar qabul qilinadi.
Qurultoy yigʻilishlari tashkiliy qoʻmitaning maxsus guruhi tomonidan stenografik tarzda yozib olinib, dastlab rus tilida alohida kitob shaklida nashr qilingan. Keyinchalik ushbu stenografik hisobot ozarbayjon va boshqa tillarga tarjima qilingan. Mazkur nashrda stenografik hisobot ilk bor oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.