11765 so'm 139 so'm
Qabulxona: (+998 71) 123-45-67
Email: info@dtrm.uz
Fax: 1234

Вид

A
A
A

Размер шрифта

A-
A+
Yangiliklar

Bizni kemirguchi illatlar

DTRM UZ > Yangiliklar > Yangiliklar > Bizni kemirguchi illatlar
DTRM UZ > Yangiliklar > Yangiliklar > Bizni kemirguchi illatlar
Okt 28, 2024 Posted by: tested Yangiliklar
Ulugʻ ma’rifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyning ayni shu nomdagi maqolasini avvalroq sizlarga ulashgan edik. Behbudiy hazratlari millatning toʻy-hashamga oʻchligi, bu illatning millat kelajagiga rahna solishini afsus bilan yozadi. Yuz yildan ortiq vaqt oʻtishiga qaramay, mazkur muammo haliyam kun tartibida. Lekin hozirgi gap bu haqda emas. Muammoga oʻtishdan avval jadidlarga toʻxtalingani bejiz emas, chunki jadid ma’rifatparvarlarining butun faoliyati millat taraqqiyoti, rivoji, kelajagi bilan bogʻliqdir.
Behbudiyning fikriga qoʻshimcha: bizni kemirguchi illatlardan yana biri loqaydlikdir. Bu illat jamiyatimizda eng keng tarqalgan “virus” boʻlib, oddiy fuqarodan to koʻp rahbarlarga ham yuqqan. Maqsadga oʻtamiz. Bizda hech bir davlatda boʻlmagan amaliyot davom etib kelmoqda. Bu – ikki yozuv amaliyoti, yoshi 45 gacha boʻlganlar lotin yozuvida savod chiqarishgan va shu yozuvda oʻqiydi, yozadi, undan yuqori yoshdagilar kirill yozuvini afzal bilishadi. Aslida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish tartibi haqidagi qarorining 2-bandiga asosan, ushbu jarayon 2005-yil 1-sentabrgacha toʻliq tugallanishi belgilangan, keyinchalik bu muddat 2010-yil 1-sentabrga qadar uzaytirilgan boʻlsa-da, bu qonunga nisbatan loqaydlik bilan qaraldi.
Nihoyat, bu muammo yurtboshimizning farmonlarida aks etdi (jumladan, 5850-sonli farmon, 2020.21.10). Mazkur farmon ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Bu qarorga koʻra “2023-yil 1-yanvardan tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini toʻliq joriy etish” belgilab qoʻyilgan.
Oradan salkam ikki yil oʻtyapti, ahvol qanday? Toʻgʻri, aksariyat idora va tashkilotlar lotin yozuviga oʻtdi, lekin haligacha toʻliq oʻtolganimiz yoʻq. Buning sababi esa yuqorida ta’kidlangan loqaydlik, qolaversa, ijro intizomini mensimaslik deb oʻylayman.
Ikkinchidan, bu yozuvni targʻib qilishda yangi nashr qilinayotgan badiiy asarlar, ommaviy nashrlar (gazeta, jurnallar) muhim oʻrin tutishi kerak. Aslidachi?! Ma’naviyat, til sohasida yetakchi tashkilot boʻlgan Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr qilinayotgan kitoblar haligacha kirill yozuvida. Mamlakatimiz aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi, deymiz, yoshlarni kitobxonlikka targʻib qilish masalasi davlat siyosatiga aylangan boʻlsa-yu, kitoblarni kirill yozuvida chiqarsak! Bu kitoblarni yoshlar oʻqiyaptimi? Aslo! Ular davlat yoki xususiy nashriyotlar bosib chiqarayotgan lotin yozuvidagi kitoblarni mutolaa qilmoqda.
Ommaviy nashrlarda ham ahvol shunday. Sanoqlilarigina yangi yozuvga oʻtgan. “Ma’rifat” gazetasi rahbariyatiga rahmat. Birinchilardan boʻlib yangi yozuvni targʻib qilib kelmoqda. “Yoshlik” jurnali haqiqatan ham yoshlarning jurnali ekanligiga shubha qoldirmabdi. “Jadid” gazetasi esa asosiy katta qismini kirill yozuvida, ma’lum qismini lotin yozuvida nashr qilmoqda. Agar jadidlar ruhini shod qilmoqchi boʻlsak, bu gazeta toʻliq lotin yozuvida chop qilinishi kerak.
Rasmiy telegram kanallari, blogerlarimiz ham oʻz obunachilariga namuna boʻlishi kerak. Ba’zilariga nega lotinga oʻtmaysiz, degan mazmunda savol bersak, obunachilarim kamayib ketadi, deb javob berishgandi. Aslida millat kelajagi uchun bunday bahona boʻlishi kerak emas. Mana, Xushnudbek zoʻr tashabbus koʻrsatdi: obunachilari bilan soʻrovnoma oʻtkazdi-da, koʻpchilikning fikri bilan yangi yozuvga oʻtdi. Menimcha, obunachilari kamaygani yoʻq. Boshqa blogerlarimiz, rasmiy telegram kanallari mas’ullari ham oʻylab koʻrsa, yaxshi boʻlardi!
Eng asosiysi, bu harakatda ziyolilarimizning hissasi katta. Ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatamiz, oʻzaro suhbatlarda guvoh boʻlamiz, hali koʻpchilik ziyolilarimizda oʻzgarish yoʻq. Ona tilimiz muammolari haqida kuyunib gapiramiz, yangi jadidlarmiz, deya faxrlanamiz, lekin kirillda yozamiz. Ular ham shu yozuvga oʻtishni targʻib qilsa, shaxsiy namuna koʻrsatsa, yaxshi natija beradi.
Shunday holat Ozarbayjonda ham mustaqillikdan soʻng to 2001-yilgacha boʻlgan ekan. Xuddi hozirgi bizning holatimiz: katta yoshdagilar kirillda, yoshlar lotinda yozgan. Kirilldan voz kechish qiyin kechgan.
2001-yil 18-iyun kuni prezident Haydar Aliyevning “Davlat tilini tatbiq etishni takomillashtirish haqida”gi farmoni bilan 1-avgustdan mamlakat boʻylab lotin alifbosini joriy etish belgilab qoʻyilgan. 9-avgustdagi famoni bilan “1-avgust – Ozarbayjon tili va alifbosi kuni” deb e’lon qilingan. 2001-yil 1-avgustdan Ozarbayjon hech qanday ikkilanishlarsiz toʻliq lotin yozuviga oʻtgan.
Demak, bizda ham hukumatning tegishli qarori bor, faqat hammadan mazkur qaror ijrosining ta’minlanishi talab qilinadi, xolos. Buning uchun esa millat kelajagiga befarq boʻlmagan barcha vatandoshlarimiz bu ishga befarq boʻlmasliklari, oʻzlarining harakatlari bilan bu jarayonda faol boʻlishlari zarur boʻladi. Kelinglar, hadeb oʻylanavermasdan, bir qarorga kelaylik.

Siz nima deysiz, aziz vatandoshim?!

Filologiya fanlari doktori, dotsent Inomjon Azimov

Bizning telegram kanalimizga obuna bo'ling!