2024-yilning 19-oktabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida “Davlat tili va taraqqiyoti: muammo va yechimlar” mavzusidagi IV respublika an’anaviy ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ushbu ilmiy-amaliy anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6084-son Farmoniga muvofiq“2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganligiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etildi.
Anjumanda o‘zbek tilshunosligining nazariy masalalari, o‘zbek alifbosi va imlosi muammolari, amaliy tilshunoslik masalalari, davlat tilida ish yuritish masalalari, soha lugʻatlarini tuzish va terminologiya, ta’lim bosqichlarida davlat tilining o‘qitilishiga doir dolzarb masalalar tahlili va yechimlari o‘rtaga tashlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Alisher Navoiy nomidagi toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, O‘zR FA oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher navoiy nomidagi toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda Turkiyadan 2 nafar, faxriy mehmonlar, shuningdek respublikaning tilshunos olimlar ishtirok etdi.
Anjuman doirasida 6 ta shu’ba yig‘ilishlari tashkil etilib, ularda 100 dan ortiq professor o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar o‘z maruzalari bilan ishtirok etdilar.
