“Global integratsiya sharoitida turkiy tillar taraqqiyoti: muammolar va vazifalar” mavzusidagi II xalqaro anjuman 2025-yil 30-aprel – 2-may kunlari Buxoroda yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Rossiya Federatsiyasining M.Oqmulla nomidagi Boshqird davlat pedagogika universiteti, Qozon davlat madaniyat instituti, Antropologiya va etnografiya muzeyi; Turkiyaning Anqara shahridagi Hoji Bayram Vali universiteti, Hajettepe universiteti, Otaturk madaniyat, til va tarix Oliy tashkiloti, Turk Til jamiyatining ilmiy tadqiqotlar boshqarmasi, Egey universiteti, Anqara ijtimoiy fanlar universiteti; Ozarbayjonning Baku slavyan universiteti; Tojikistonning S.Ulug‘zoda nomidagi Tojikiston xalqaro chet tillar universiteti; Qirg‘izistonning An’anaviy madaniyat va san’at tadqiqot markazi, K.Karasayev nomidagi Bishkek davlat universiteti, O‘sh davlat universiteti, O‘sh texnologiyalari universiteti, Chingiz Aytmatov nomidagi Til va adabiyot instituti; Qozog‘istonning L.N.Gumilyov nomidagi Yevrosiyo Milliy universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti, Varshava universiteti professor-o‘qituvchilari, doktorantlari hamda xodimlari ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjuman davomida mutaxassis olimlar tomonidan bildirilgan takliflar asosida ilmiy tadqiqotlar olib borish, soha lugʻatlari yaratish, turkiy tillar tilshunosligining muammolariga bagʻishlangan anjumanlar tashkil qilish boʻyicha reja ishlab chiqish, doimiy aloqada boʻlish uchun “WhatsApp” tarmogʻida “Turkiy olimlar” guruhini ochishga kelishib olindi.
Anjumanni tashkil qilishda bizga juda katta yordam bergan, barcha tashkiliy ishlarda bosh-qosh boʻlgan, mehmonlarni Buxoroning tarixiy joylari bilan tanishtirishda tarnsport vositasi bilan ta’minlab bergan Buxoro viloyati hokimi Zaripov Botir Komilovichga, mazkur ishlarni tashkil qilishda bevosita biz bilan birga boʻlgan hokimning davlat tili boʻyicha maslahatchisi Akbarjon Rustamovga, anjuman boʻlib oʻtgan Bahouddin Naqshband ziyoratgohi rahbari Orif Aminovga, Markazimizning Buxoro viloyati hududiy boʻlinmasi rahbari, filologiya fanlari doktori, professor Bibish Joʻrayevaga samimiy minnatdorligimizni bildiramiz.













