O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi va Türkiye Cumhuriyeti Atatürk Kültür, Dil ve Tarih Yüksek Kurumu Türk Dil Kurumu oʻrtasida oʻzaro ilmiy hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Shartnoma shartlari boʻyicha bir necha oy mobaynida konsultatsiyalar olib borildi, har bir bildirilgan taklif, uni amalga oshirish mexanizmlari muhokama qilinib, yakuniy fikrga kelindi. Tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik tadqiqotchilar almashinuvi, hamkorlikda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish, seminar va ilmiy anjumanlarda qatnashish, hamkorlikda turkcha va oʻzbekcha lugʻatlar yaratish, o‘zbek va turk tillari kurslarini tashkil etish va o‘tkazish (tomonlar o‘zaro kelishilgan holda), hamkorlikda ikki tilli adabiyotlar va darsliklar tayyorlash, TDK (Türk Dil Kurumu) milliy korpusi doirasida hamkorlikni amalga oshirish, o‘zbek tilining milliy korpusini yaratishda hamkorlikni amalga oshirish, nashr qilinayotgan adabiyotlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda ikki tilga oid dasturiy mahsulotlarni tayyorlash kabi yoʻnalishlarni qamrab oladi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Türkiye Cumhuriyeti Atatürk Kültür, Dil ve Tarih Yüksek Kurumu Türk Dil Kurumu boshligʻi Prof. Dr. Osman MERT janoblari shartnomada belgilangan vazifalarning qogʻozda qolib ketmasligi kerakligini, har bir taklif albatta amalda boʻlishi lozimligini alohida ta’kidladi. Hamkorlik aloqalarimiz mustahkam va samarali boʻlsin!
Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori I.Azimov


