Til – millatning yuragi, oʻzlikning ovozi, vatanga muhabbat ifodasidir. Yurtimizda ona tilimizga boʻlgan eʼtibor va hurmat yil sayin ortib bormoqda. Chunki til – millatning oynasi, uning tarixiy xotirasi, maʼnaviyati va madaniyatini namoyon etuvchi muqaddas neʼmatdir.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirligi Madaniyat saroyida “Til – millat boyligi“ mavzusida madaniy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Vazirlik sohaviy xizmatlari shaxsiy tarkibi faol ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – xodimlar ongida ona tiliga boʻlgan hurmat va eʼtiborni yanada oshirish, tilning jamiyat taraqqiyotidagi, milliy birlik va hamjihatlikdagi oʻrnini keng yoritishdan iborat boʻldi.
Maʼnaviy-maʼrifiy mashgʻulotda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari doktori Inomjon Azimov va Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Xalqaro “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori, shoir Dilshod Rajablar tomonidan tilning har bir millat hayotida tutgan oʻrni, uning maʼnaviy va madaniy taraqqiyotdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr va mulohazalar bildirildi.
Ular taʼkidlashganidek, til faqat muloqot vositasi emas, balki u xalqning tarixiy tafakkuri, madaniy merosi va milliy gʻururini oʻzida mujassam etgan buyuk qadriyatdir.
Shuningdek, tadbirda ona tilimizning boy va koʻp qirrali imkoniyatlari, uni asrab-avaylash, toʻgʻri va ravon soʻzlash madaniyatini shakllantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, yosh avlodga toʻgʻri nutqni oʻrgatish, ularda adabiy tilga hurmat tuygʻusini singdirish kabi muhim vazifalar xususida fikr almashildi.
– Davlatimiz rahbarining “Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi”, degan fikrlari bugun har bir ichki ishlar xodimi uchun ham shior boʻlishi lozim, — dedi Ichki ishlar vaziri maslahatchisi podpolkovnik Xurshid Roʻziyev.
— Har birimiz faoliyatimizda, tilni toʻgʻri qoʻllashimiz zarur.
Agar bizning tilimiz sof va aniq boʻlsa, biz orqali muloqot qilgan har bir insonga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu esa, xalq bilan samarali muloqot oʻrnatishning asosidir.
Tadbir davomida badiiy chiqishlar, sheʼriy toʻplamlardan namunalar, til mavzusiga bagʻishlangan sahna koʻrinishlari namoyish etildi.
Mazkur tadbir har bir ishtirokchida milliy oʻzlikni anglash, ona tiliga mehr va sadoqat tuygʻusini mustahkamlashga xizmat qildi.
Zero, oʻz tilini ardoqlagan, uning qadrini bilgan xalqgina buyuk kelajak sari ishonch bilan odimlaydi.
IIV Matbuot xizmati





