Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi f.f.d., dots. Inomjon Azimovning «Jadidlar faoliyatida alifbo va imlo masalalari» nomli kitobi nashr etildi.
Kitob oʻzbek yozuvi hamda oʻzbek tilshunosligi tarixi bilan shugʻullanuvchi mutaxassis-tadqiqotchilar, shuningdek, oʻqituvchilar, bakalavriat va magistratura talabalariga birlamchi manbalardan koʻchirmalar sifatida foydalanishlari uchun moʻljallangan.
Muallif aytishicha: «Hurmatli yurtboshimizning 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish haqida”gi PQ-270-sonli qarori masalaning yanada chuqurroq va teranroq o‘rganilishiga zamin yaratib beradi degan umiddamiz. Qarorda “qatag‘on qurboni bo‘lgan shaxslarning hayoti va faoliyatini o‘rganish, ularni nomma-nom aniqlash, tarixiy xizmatlari haqidagi ma’lumotlarni, arxiv va muzeylar, kutubxonalar va turli fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni to‘plash va tadqiq etish, ommalashtirish uchun ishchi guruhlar faoliyatini tashkil etish” vazifasining qoʻyilishi ham e’tiborga molik. Hozirgi yosh tadqiqotchilar orasida arxiv materiallari bilan ishlash, jadidlar ilmiy merosini ilmiy tahlilga tortishga unchalik ragʻbat sezilmayotgani bor gap. Shuning uchun arxiv hujjatlarini keng kitobxon ommasiga yetkazish, mutaxassislar ishini yengillashtirish maqsadida mazkur ishga qoʻl urildi.
Mazkur majmuaga kiritilgan maqolalar turli toʻplam, gazeta va jurnallarda chop etilgan boʻlib, Qayum Ramazon tomonidan yigʻilib toʻplam holiga keltirilgan. Shu bilan birga, mavzuga oid bir risola hamda “Alanga” jurnalida nashr qilingan alifbo loyihalariga oid bir necha maqolalar kiritilgan. Oʻquvchiga oson boʻlishi uchun maqolalarning asli va ularning amaldagi yozuvga oʻgirilgan nusxasi (transiliteratsiyasi) berilgan.»