Ushbu yig‘ilish bir yil davomida bosib o‘tilgan yo‘lni sarhisob qilish, erishilgan yutuqlarni baholash va mavjud kamchiliklarga xolisona nazar tashlash uchun ochiq muloqot maydoniga aylandi. Tashkilotlar bilan tuzilgan shartnoma bandlari bajarilishi tahlil qilindi.
Yig‘ilishda yil davomida amalga oshirilgan ishlar, hududiy bo‘linmalarning faolligi hamda uslubiy ta’minotdagi yangiliklar alohida qayd etildi. O‘quv jarayonlarini takomillashtirish, metodik yondashuvlarni zamon talablariga moslashtirish, hamkorlik va tajriba almashish borasida muayyan natijalarga erishilgani ta’kidlandi. Ayniqsa, ayrim hududlarda joriy etilgan ilg‘or tajribalar umumiy tizim uchun namuna bo‘la olishi e’tirof etildi.
Markaz direktorining yangi yil tabrigi jamoaga o‘qib eshittirildi.
Yil davomida hududiy bo‘linma rahbarlari bilan yelkama-yelka turib, zimmasidagi vazifalarni sidqidildan bajargan uslubchilar faoliyati e’tirof etildi. Ularning 11 nafariga Markaz direktori tashakkurnomasi berildi.

Shu bilan birga, yig‘ilish davomida muammoli jihatlar ham ochiq muhokama qilindi.
Hududiy bo‘linmalar faoliyatini yanada jonlantirish, uslubiy ishlarni kuchaytirish, raqamli yechimlardan kengroq foydalanish hamda kadrlar salohiyatini oshirish hamda tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada yaxshilash bo‘yicha Markazning 2026-yil rejasi tasdiqlanishi ta’kidlab o‘tildi.