Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi rahbariyati Ozarbayjon Milliy kutubxonasi mehmoni bo‘ldi.
Qayd etilishicha, kutubxona direktori, professor Karim Tahirov Ozarbayjon Milliy kutubxonasi bilan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, kutubxona fondida mavjud o‘zbek adabiyoti hamda Milliy kutubxonaning Xalqaro hamkorlik zalida tashkil etilgan, muntazam ravishda yangilanib boriladigan doimiy adabiyot bo‘limi haqida mehmonlarga ma’lumot berdi. Notiq ta’kidlaganidek, Ozarbayjon Milliy kutubxonasida “O‘zbekiston adabiyoti bo‘limi” 2019-yilda tashkil etilgan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasida esa Ozarbayjon adabiyoti burchagi 2024-yilda Toshkentda o‘tkazilgan Ozarbayjon madaniyati kunlari doirasida yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuv davomida Markaz rahbari, filologiya fanlari doktori, professor Inomjon Azimov Ozarbayjon va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi adabiy-madaniy aloqalarning ko‘p asrlik boy va murakkab tarixi haqida so‘z yuritdi. U ushbu aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida o‘zaro hamkorlikning ahamiyatini alohida ta’kidladi hamda samimiy qabul uchun kutubxona rahbariyatiga chuqur minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, mehmon o‘zi muallifi bo‘lgan I Turkologiya qurultoyi haqidagi kitobini Karim Tahirovga sovg‘a qildi.
Shundan so‘ng mehmonlar Ozarbayjon Milliy kutubxonasi bilan yaqindan tanishdilar hamda Xalqaro hamkorlik zalidagi “O‘zbekiston adabiyoti bo‘limi”ga yangi kitoblar sovg‘a qildilar.
Yakunda direktor Karim Tahirov mehmonlarga “Ozarbayjon Milliy kutubxonasi” nomli fotoalbom hamda milliy suvenirlar tuhfa etdi.








