Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik hamkorlik darajasiga yetdi. Tarixiy, madaniy va til jihatidan umumiy ildizlarga ega bo‘lgan ushbu ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik faqat siyosiy va iqtisodiy sohalar bilan cheklanmay, balki gumanitar va ilmiy yo‘nalishlarda ham jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, til va madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan qo‘shma tashabbuslar xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlamoqda.
Zamonaviy davrda globallashuv jarayonlarining tezlashuvi milliy o‘zlikni saqlash masalasini yanada dolzarb qilmoqda. Shu nuqtai nazardan, Ozarbayjon va O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan til siyosati, ta’lim dasturlari va madaniy loyihalar nafaqat ikki tomonlama munosabatlar, balki butun turkiy dunyoda integratsiyaning chuqurlashuvi uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Talabalar almashinuvi, qo‘shma akademik platformalar va ilmiy hamkorlik bu yo‘nalishda asosiy vositalardan hisoblanadi.
Shuningdek, ikki davlatning oliy siyosiy rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlar hamkorlikning barcha sohalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu siyosiy iroda natijasida gumanitar aloqalar yanada tizimli tus olmoqda, yangi tashabbuslar ilgari surilmoqda va uzoq muddatli rivojlanish istiqbollari shakllanmoqda. Bunday sharoitda Ozarbayjon–O‘zbekiston munosabatlari mintaqa uchun namunali hamkorlik modeli sifatida e’tiborni tortadi.
Mazkur masala yuzasidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘bek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori –prorektor Inomjon Azimov Crossmedia AZ bilan o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi:
— Ozarbayjon va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi aloqalar tarixiy ildizlarga ega bo‘lib, bu munosabatlar ayniqsa til va madaniyat sohasida yaqqol namoyon bo‘ladi. Har ikki xalq turkiy tillar oilasiga mansub bo‘lib, umumiy tarixiy, adabiy va madaniy merosga ega. XX asr boshlaridayoq jadidchilik harakati doirasida ham Ozarbayjonda, ham O‘zbekistonda ma’rifatchilik g‘oyalari keng tarqalgan, yangi maktablar tashkil etilgan va milliy o‘zlikni anglashni kuchaytirish yo‘lida muhim qadamlar tashlangan. Bu jarayonlar ikki xalq o‘rtasida ma’naviy ko‘priklarning shakllanishiga asos bo‘lgan.
Mustaqillik davrida esa bu aloqalar yanada mustahkamlandi, o‘zaro madaniy tadbirlar, adabiyot kunlari hamda qo‘shma loyihalar orqali hamkorlik yangi bosqichga chiqdi. Kelajakda asosiy ustuvor yo‘nalishlardan biri umumiy madaniy merosni asrash, til sohasida ilmiy hamkorlikni kengaytirish va turkiy dunyo doirasida integratsiyani chuqurlashtirish bo‘lishi lozim.
— Ta’lim sohasida Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengaydi. Har ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan, qo‘shma ilmiy konferensiyalar va loyihalar tashkil etilmoqda. Til o‘qitish yo‘nalishida esa o‘zaro qiziqish ortib bormoqda va bu borada yangi dasturlar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi. Ozarbayjonlik talabalar O‘zbekistonda, o‘zbek talabalar esa Ozarbayjonda tahsil olishi xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni yanada kuchaytiradi. Kelajakda qo‘shma ta’lim dasturlari yaratish, ikki diplomli loyihalarni joriy etish va ilmiy-tadqiqot hamkorligini kengaytirish asosiy maqsadlar qatoriga kiradi.
— Ikki davlat prezidentlari o‘rtasida shakllangan do‘stlik va birodarlik munosabatlari Ozarbayjon–O‘zbekiston aloqalarining rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Yuqori darajadagi siyosiy muloqot gumanitar sohalarga ham bevosita ta’sir ko‘rsatib, hamkorlikning barcha yo‘nalishlar bo‘yicha kengayishiga turtki bermoqda.
Prezidentlarning o‘zaro tashriflari, qo‘shma loyihalarga berilayotgan qo‘llab-quvvatlash va siyosiy iroda natijasida ta’lim, madaniyat va til sohalaridagi hamkorlik yanada tizimli tus oldi. Bu munosabatlar nafaqat ikki davlat, balki butun turkiy dunyo integratsiyasining mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.
— Globallashuv davrida milliy tillarni asrash va rivojlantirish har bir davlat uchun strategik ahamiyatga ega. O‘zbekistonda davlat tilining mavqeini mustahkamlash yo‘nalishida izchil islohotlar olib borilmoqda. Til siyosati milliy o‘zlikni saqlash bilan birga, zamonaviy talablarga mos rivojlanishni ham nazarda tutadi.
Bu doirada ta’lim tizimida ona tilini o‘qitishga alohida e’tibor qaratilmoqda, normativ-huquqiy baza takomillashtirilmoqda va tilning ijtimoiy hayotdagi qo‘llanish doirasi kengaytirilmoqda. Shu bilan birga, boshqa turkiy tillar bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bu umumiy madaniy va til birligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Elmir Haydarli