«21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni» munosabati bilan Urug‘chilikni rivojlantirish markazida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda Markaz rahbariyati, xodimlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Tadbirning asosiy maqsadi — ona tilimizning davlat maqomini yanada yuksaltirish, xodimlarda til madaniyatini oshirish va o‘zbek tilining nufuzini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirga mehmon sifatida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori, filologiya fanlari doktori Inomjon Azimov taklif etildi. U o‘z chiqishida o‘zbek tilining boy merosi, ifoda imkoniyatlari hamda davlat tilida ish yuritish madaniyati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, zamonaviy axborot makonida o‘zbek tilining mavqeini oshirish, uni internet tili darajasiga olib chiqish zarurati borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zbek tilining xalqimiz ma’naviyatidagi o‘rni, uni e’zozlash va asrab-avaylash borasidagi g‘oyalar haqida fikr almashdilar. Yakunda ona tilimizni yanada rivojlantirish, ish yuritishda adabiy me’yorlarga qat’iy rioya etish, yosh avlodda tilga hurmat tuyg‘usini shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Bayramona ruhda o‘tgan tadbir barcha ishtirokchilarda faxr va g‘urur tuyg‘usini uyg‘otdi.