Til − millat ko‘zgusidir. Har bir millatning o‘tmishi, buguni, kelajagi, madaniyati kabi jihatlar unda akslanib turadi. Til bor ekan, millat barhayotdir. 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat tili haqidagi qonun qabul qilingandan so‘ng barcha davlat hujjatlari, gazeta, jurnallar o‘zbek tilida chop etila boshlandi. Afsuski, ushbu qonunni buzuvchi “jinoyatchilar” hozir ham yo‘q emas. “Nima uchun ko‘cha harakatini buzgan kishiga militsiya hushtak chaladi-yu, butun bir tilni buzayotgan odamlarga hech kim hushtak chalmaydi?” Ulug‘ adibimiz Abdulla Qahhorning bergan bu savoli qachon o‘z yechimini topadi? Biz o‘z tilimizga e‘tibor bermas ekanmiz, so‘zlashuvda, ko‘chada, bekatlarda va hokazo joylarda turli xil chet tili so‘zlarini o‘rinsiz qo‘llagan holda suhbatlashar ekanmiz, bu masala aslo o‘z yechimini topmaydi, chunki til xalqnikimi, uning muammolari ham shu xalq tomonidan hal qilinishi lozim. Ijtimoiy tarmoqda ham aynan shu muammo, ya’ni rasmiy kanallarda matn, jumlalarda chet tili so‘zlari aralashgani o‘zbek tilimizga bo‘lgan hurmatsizlikdir.
Yaqinda buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligiga bag‘ishlanib yurtimizning turli joylarida tadbirlar o‘tkazildi va buni yoritib borish davomida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanildi. Aynan shu tantanani − bobokalonimiz Mir Alisher Navoiy tavalludini − nishonlashda ijtimoiy tarmoqlarda ajnabiy so‘zning qo‘llanilishi kishining ta’bini xira qiladi (Navoiy “day”). Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nahotki o‘zbek tili biror-bir joyga nom qo‘yish, sof o‘zbek tilida gapirish uchun yaroqli bo‘lmasa?! Albatta, unday emas. Tilimiz bag‘oyatda go‘zal. Rossiyalik tilshunos olima A.M.Kozlyanina ta’kidlaganidek: “O‘zbek tili nafis va musiqa ohangidek jozibador”. Afsuski, tilimiz go‘zalligini o‘zga millat vakillari his qilgani holda millatdoshlarimizning milliy tillariga hurmatsiz munosabatda bo‘lishlari xalqimizning: “O‘zimdan chiqqan baloga, qayga boray davoga” maqoli bilan behudaga faryod chekmaganligini anglatadi.
Dunyo olimlari ham bizning o‘zbek tilimiz haqida iliq fikrlarni bildirib turgan bir paytda tilimizni chet tili so‘zlarini o‘rinsiz qo‘llash, qanaqangidir bir “zamonaviylik” ruhini berish maqsadida buzishimiz unga nisbatan hurmatsizlikkina emas, balki ajdodlarimiz ruhiga xiyonatdir. Bunday xiyonat, albatta, jazoga loyiq.
“O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar” (A.Qodiriy).
✍️ Xolova Munisa
BuxDU talabasi