O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030 strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024-yil 21-fevraldagi PF-37-sonli Farmonining 102-bandi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2024-yil 22-iyuldagi 77-sonli bayoni 7-ilovasi bilan tasdiqlangan Davlat tilini rivojlantirish departamentining 2024-yil II yarim yillik ish rejasi 10-bandida “Xorijiy mamlakatlarda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbek tili o‘qituvchilarining masofaviy shaklda malakasini oshirish, ularga uslubiy yordam berish tizimini yo‘lga qo‘yish” vazifasi qoʻyilgan.
Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi zimmasiga yuklatilgan edi. Hozirgi kunda malaka oshirishga oid barcha oʻquv-me’yoriy hujjatlar yaratilib, vazirlik tomonidan tasdiqlandi.
Bugundan boshlab Qoʻshni Qirgʻiziston va Qozogʻistondagi umumta’lim maktablari oʻzbek tili va adabiyoti oʻqituvchilari uchun malaka oshirish kurslari boshlandi.
Mashgʻulotlar 1400dan 1600gacha va 1600dan 1800 gacha olib boriladi. Malaka oshirish kurslari 144 soatga moʻljallangan boʻlib, bir oy davom etadi. Kurs soʻngida tinglovchilarga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.