Qurultoy shu’balarida ustoz olimlarimiz ma’ruzalari tinglandi. Xususan, I.Azimov Jadid ma’rifatparvarlari tomonidan arab yozuvining isloh qilinishi sabablari, lotin yozuviga o’tish jarayonida yaratilgan alifbo loyihalari xususida ma’ruza qildi. Professor Nizomiddin Mahmudov, Zilola Xudoyberganovalarning qiziqarli ma’ruzalari, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi direktori A.Eminovning qurultoy qatnashchilariga tabrik so’zlarini tinglandi.
Bundan tashqari, ustozlar Anqara Hoji Bayram Vali universitetida bo‘ldilar. O’zbek adabiyotini turk kitobxonlariga tanishtirayotgan Vali Savash, Zaynobiddin Abdurashidov faoliyat ko’rsatayotgan fakultetga tashrif buyurib u yerdagi ilmiy muhit bilan tanishdilar, tajriba almashdilar. Universitet rahbariyati bilan uchrashuvda Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari o‘rinbosari B.Shukurov taklifi asosida tashkil etilgan O’zbek tili, adabiyoti va madaniyati markazi xonasi bilan ham tanishdilar.
Safar davomida Anqarada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Talabalar bilan birgalikda milliy taomimiz bo‘lgan osh tayyorlanib, «Bir piyola choy ustida» qiziqarli suhbat tashkil etildi.
