Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-6084-son farmoni bilan tasdiqlangan “2020 – 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi”ning 2-bob 5-bandi “Davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, bu borada xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish” masalasiga qaratilgan. Bu bandda davlat tilining xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish hamda boshqa tillar bilan aloqalarini kengaytirish boʻyicha bir qator vazifalar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bundan 3 oy avval Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi tomonidan Turkiyaning Yurt Dışı Türkler ve Akraba Toplulukları Başkanlığı (Chet el turklari va qarindoshlar jamiyati boshqarmasi (YTB) Anqara ofisida oʻzbek tilini oʻrganish istagida boʻlgan xorijlik talabalar uchun oʻzbek tili kurslari tashkil qilingan edi. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan, oʻzbek tili va madaniyatiga qiziqqan talabalarga Anqara universiteti doktoranti Muzaffar Habibullayev tasdiqlangan dastur asosida mashgʻulotlar olib bordi.
Xorijlik talabalar orasida oʻzbek tilini oʻrganishga qiziquvchilar ortib borayotgani sababli oʻquv kursini davom ettirishga qaror qilindi.
